Kino ustalarining ijodiy hamkorligi
Oʻzbekistonda Rossiya Federatsiyasi madaniyati kunlari doirasida poytaxtimizdagi “Zarafshon“ media-majmuasida Oʻzbekiston va Rossiya kinoijodkorlari ishtirokida forum boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekistonda Rossiya Federatsiyasi madaniyati kunlari doirasida poytaxtimizdagi “Zarafshon“ media-majmuasida Oʻzbekiston va Rossiya kinoijodkorlari ishtirokida forum boʻlib oʻtdi.
“Oʻzbekkino“ milliy agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirga sanʼat, madaniyat, kinematografiya sohasi vakillari taklif etildi.
“Oʻzbekkino“ milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Rossiya Federatsiyasi madaniyat vazirining oʻrinbosari Pavel Stepanov, S.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti rektori, professor Vladimir Malishev va boshqalar Oʻzbekiston va Rossiya ijodkorlari oʻrtasidagi hamkorlik tobora izchillik bilan rivojlanib borayotganini taʼkidladi.

Bu jihatlar kinematografiya sohasida ham yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Sanʼat yoʻnalishidagi oliy taʼlim dargohlari oʻrtasidagi hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Yosh kinochilarimizning oʻzaro tajriba orttirishi uchun keng imkoniyatlar paydo boʻldi. Ayni paytda rossiyalik yetakchi rejissyorlar, kino ustalari mamlakatimizda mahorat darslarini berishi, turli ijodiy uchrashuvlarni oʻtkazishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda yaratilgan badiiy, qisqa metrajli, animatsion filmlar Rossiyada boʻlib oʻtayotgan festivallarda muvaffaqiyatli namoyish etilmoqda.
– Bola kino sanʼatini animatsiya orqali taniydi, – dedi Rossiyaning “Soyuzmultfilm“ studiyasi direktori Boris Mashkovsev. – Rossiyada uch ming ijodkor animatsion sanʼat bilan shugʻullanadi. Oʻzbekistonlik animatsiya ustalari bilan hamkorlik katta masʼuliyatni ham talab etadi. Biz “Xoʻja Nasriddin“ animatsion filmiga oid gʻoyani amalga oshirishni rejalashtirganmiz. “Oʻzbekkino“ milliy agentligi mazkur taklifga gʻoyat tezkorlik bilan munosabat bildirgani eʼtiborga molikdir.
– Bizni bolalikdan ertaklar birlashtiradi, – dedi rossiyalik kinoijodkor Farhod Mahmudov. – Ular bolalar qalbining kalitidir. Ayniqsa, Sharq ertaklari donishmandlik, samimiyatga yoʻgʻrilgani bilan ahamiyatlidir. Shu maʼnoda “Pari sovgʻasi“ (“Podarok fei“) kartinasini birgalikda ishlashni rejalashtirganmiz. Qadim Buxoroda tasvirga olinishi kutilayotgan ushbu filmdagi rollarni ijro etishda sakson foizdan koʻproq ijodkorlar oʻzbekistonlik boʻladi. Mazkur kartinada Xitoy, Yaponiya, Rossiya aktyorlari ham ishtirok etishi ehtimoldan xoli emasligini nazarda tutgan holda ijodiy loyihani xalqaro deb ham atash mumkin.

Kinoanjumanda sohadagi islohotlar, hamkorlikdagi dastur va loyihalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan hujjatli filmni birgalikda tayyorlash, xorijiy kinokompaniyalarni Oʻzbekistonda filmlar yaratishga kengroq jalb etish, Butunrossiya davlat kinematografiya instituti hamda “Oʻzbekino“ milliy agentligi oʻrtasida malakali kadrlarni tayyorlash borasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oʻzbekistonlik kinoijodkorlar uchun maxsus malaka oshirish kurslarini tashkil etish xususida batafsil soʻz yuritildi.
Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Aziz Abduhakimov soʻzga chiqdi.