Kino madaniy muloqot ko‘prigidir
Tez kunlarda Toshkent shahrida boshlanadigan "Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali allaqachon dunyo kinoijodkorlarining e’tiboriga tushib ulgurdi.
Bu jihatlar festival jarayoniga onlayn bog‘langan kinochilar fikrida ham o‘zi aksini topmoqda.

Azamat Satiboldiyev, qozog‘istonlik kinoijodkor:
– Toshkent xalqaro kinofestivalining tez orada start olishidan juda mamnunmiz. Tez orada Toshkentda ko‘rishimiz. Bu barcha kinoijodkorlar uchun juda foydali jarayon,deb o‘ylayman.
Rufat Gasanov, Ozarbayjon madaniyat vazirligining kinematografiya bo‘limi boshlig‘i:
– Toshkent azaldan o‘zining mehmondo‘stligi bilan nom qozongan. Prezidentingiz tashabbusi bilan Toshkent xalqaro festivali qayta tiklanganini dunyo kino jamoatchiligi juda ko‘tarinkilik bilan kutib oldi. Negaki, ijodkorlar anchadan buyon bir-birini juda sog‘inib qolgan edi. Festivalda Ozarbayjon kinematografiyasi ham taqdim etilishidan g‘oyat mamnunmiz. O‘zbek tomoshabinlari bizning badiiy hamda hujjatli filmlardan bahramand bo‘ladi. Xalqlarimiz o‘z mentaliteti, an’analari, udumlari bilan o‘zaro mushtarakdir. Bu jihatlar kino san’ati sohasida ham namoyon bo‘lmoqda.
Olga Strada, italiyalik kinoijodkor:
– Kino mamlakatlar o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prik sanaladi. U turli davlatlarning bugungi hayoti, hozirgi jarayonlar bilan kengroq tanishish imkonini beradi. Italiya kinematograflari Toshkent xalqaro kinofestivalida oltita kartinani taqdim etadi. Ular o‘zbekistonlik muxlislarga ma’qul bo‘ladi, deb umid bildiraman. Men yaqindagina Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan Madaniy merosga oid forumda qatnashdim. Jonli muloqot boy samaralarini berishiga shu haftalik davomida ishonch hosil qildim.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.