Kinematografiya agentligi: sarhisob, e’tibor va e’tirof
«O‘zbekfilm» kinokonsernida Kinematografiya agentligining bir yillik faoliyati bo‘yicha yil sarhisobiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Unda agentlik jamoasi, aktyor va aktrisalar, turli tashkilotlar vakillari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov va boshqalar milliy kino san’atini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar amaliy natijalar berayotganini ta’kidladi.
Ayniqsa, joriy ilda «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivalining o‘tkazilishi muhim tarixiy voqea bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur kinofestival davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qayta tiklanishi va bunda Prezidentimizning 2021 yil 19 iyundagi «Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorining qabul qilinishi muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.
Bo‘lib o‘tgan tadbirda shular haqida so‘z yuritildi. Marosimdan ko‘zlangan maqsad joriy yil davomida, xususan, «Ipak yo‘li durdonasi» XIII Toshkent xalqaro kinofestivalini tashkillashtirish va xalqaro festivallar darajasida o‘tkazishda Kinematografiya agentligiga yaqindan ko‘mak bergan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi markaziy apparati xodimlari, vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, agentlik va tizim tashkilotlari xodimlari kinoijodkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari tantanali ravishda taqdirlashga qaratildi.
Shu tariqa, tadbirda ishtirokchilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alarni Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov topshirdi.
– Men bu yil «Xalq yuragi» loyihasida qatnashganimdan benihoya xursandman, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoyeva. – Chunki 24 nafar adib bag‘ishlab olingan hujjatli filmlar xalqimizga taqdim etildi. Mazkur loyihaning ikkitasida qatnashish menga ham muyassar etdi. Navro‘za Biynazova rejissyorligida «Baxtim shul – o‘zbekning Zulfiyasiman» hujjatli filmida Zulfiyaxonim, Eljon Abbosov ssenariy muallifi va rejissyorligida olingan «Oybek» hujjatli filmida Zarifaxonim obrazlarini ijro etdim. bugungi e’tirof esa ana shu kabi ishlarim mahsulidir.
Tadbirda «Ipak yo‘li durdonasi» XIII Toshkent xalqaro kinofestivalida o‘tkazilgan tadbirlar, ijodiy loyihalar va natijalar bo‘yicha videoroliklar namoyish etildi. Taqdim etilgan konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Tadbirning kechki dasturida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Yoshlik kinostudiyasi» DUK tomonidan suratga olingan «101 reys» badiiy filmining yopiq namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA