Kichik sanoat zonasidagi loyihalar samara bera boshladi
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi “Muruvvat” yoshlar kichik sanoat zonasida tadbirkor Ilhomjon Umarovga tegishli sexda 7 turdagi qurilish mahsulotlari ishlab chiqarila boshlandi. Dastlabki mahsulotlar qashqadaryolik xaridorlarga yuborildi.

Tadbirkor shu vaqtga qadar o‘z xonadonida mazkur faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan. Tabiiyki, buning o‘ziga yarasha noqulayliklari mavjud edi. Masalan, ishlab chiqarilgan mahsulotlardan hosil bo‘luvchi tabiiy chang-to‘zon qishloq aholisining e’tiroziga sabab bo‘layotgandi.
– Tumanimiz hokimi kichik sanoat zonasidan joy taklif qilganida avvaliga biroz ikkilandim, – deydi “Bek online” oilaviy korxonasi rahbari I. Umarov. – Lekin to‘g‘ri tanlov bo‘lgan ekan, bugun keng-mo‘lgina maydonda faoliyatimizni boshlab oldik. Loyihaning dastlabki bosqichini amalga oshirish uchun 450 million so‘m mablag‘ sarfladik va natijada 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Nasib qilsa, kelgusi yilda 1 milliard so‘m evaziga loyihaning ikkinchi bosqichini boshlaymiz va lok-bo‘yoq mahsulotlarini ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yamiz. Shunda ishchilarimiz soni 20 nafarga yetadi.

Sexda 1 kunda 5 tonna suvli bo‘yoq, 10 tonna shpaklyovka, 5 tonna rotbon va 400 kilogramm gruntovka ishlab chiqariladi. Mahsulotlar, asosan, Toshkent shahri, Qashqadaryo, Xorazm hamda vodiy viloyatlariga yuboriladi. Bundan tashqari, tadbirkor qirg‘izistonlik hamkorlar bilan ham dastlabki kelishuvga erishdi va Bag‘dodda ishlab chaqirilgan sifatli qurilish mahsulotlarining eksporti tez orada yo‘lga qo‘yiladi.
M. Sulaymonov, O‘zA