Kichik musobaqalarning katta quvonchi
Xabar berganimizdek, hududlarda “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi bosqich musobaqalari uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatida ham yoshlik va shijoat musobaqalari boʻlgan mazkur bahslar yangi-yangi chempionlarni kashf etmoqda.
Viloyatning 22 ta shahar va tumanlarida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi bosqich bellashuvlariga start berilishi oldidan birinchi bosqich natijalari sarhisob qilindi.
Dastlabki bosqich musobaqalarida viloyatning 1022 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarining 347 ming 636 nafar yoshlari qamrab olindi.
Ana shunday musobaqalardan biri Pskent tumanida boʻlib oʻtdi. Bellashuvlar boshlanishi oldidan birinchi bosqich gʻoliblari munosib taqdirlandi. Shundan soʻng dasturga kiritilgan 9 ta sport turi boʻyicha musobaqalarga start berildi.

Maʼlumki, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi bosqich sport turlari dasturiga milliy sport turimiz kurash xam kiritildi. Tumanning “Istiqlol” mahallasida kurash boʻyicha bellashuvlar boʻlib oʻtdi. Mahallaning 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan havaskor sportchilari gʻoliblik uchun gilamga chiqishdi. Qiziqarli oʻtgan yosh polvonlar bellashuvlarida Shahriyor Shirinov, Sarvinoz Otabekova, Diyora Anorboyeva, Maqsad Eshonboyev kabi mahalla yoshlari oʻz vaznlarida ilk bellashuv gʻolibiga aylandi.
- Milliy gʻururimiz boʻlgan kurashning “Besh tashabbus olimpiadasi” tizimiga kiritilishi yoshlar qalbida qadriyatlarimizga hurmat ruhini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Kurash turnirining yuqori saviyada tashkil etilishida viloyat prokuraturasi hamda hamkor tashkilotlar har tomonlama koʻmak berdi. Natijada chekka-chekka mahallalardagi minglab yoshlar sport mashgʻulotlari bilan qamrab olinishiga erishdik. Muhimi, mahalla yoshlarining kichik musobaqalari avvalo aholining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishga, ularning katta quvonchiga sabab boʻlish bilan birga iqtidorli yoshlarni saralashga zamin boʻlmoqda, - deydi Toshkent viloyati kurash federatsiyasi ijrochi direktori Yoqub Saydullayev.
Darhaqiqat, mahallalarda boshlanayotgan kichik musobaqalar katta sport maydonlaridagi shiddatni taʼminlaydi. Bu esa vatan dovrugʻini doston etadigan chempionlar safi kengayishiga xizmat qiladi. Shu maqsadda Toshkent viloyati sport masʼullari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi fasli musobaqalariga hududning 350 ming nafarga yaqin yoshlarini jalb qilishni rejalashtirgan.
T. Roʻziyev, OʻzA.