Kichik biznes ulushi ortmoqda
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasining joriy yil to‘qqiz oylik faoliyati yakunlari hamda birja savdolarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasining joriy yil to‘qqiz oylik faoliyati yakunlari hamda birja savdolarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.Mamlakatimizda birja savdolarining ochiq-oshkoraligi, narxlarning erkin shakllanishi va ishtirokchilar teng huquqliligini ta’minlash, shartnomalar bajarilishini kafolatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tadbirkorlar tovar va xomashyo resurslarini erkin sotib olish barobarida zamonaviy birja texnologiyalaridan foydalangan holda mahsulotlarini mahalliy va xorijiy bozorlarga chiqarishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Hisobot davrida birjaning barcha savdo platformalarida 5,1 trillion so‘mdan ziyod bitimlar tuzildi. Mamlakatimizda ishlab chiqarish quvvatlarining oshishi natijasida sement narxi 18 foizga, suyultirilgan gaz 17 foizga, qora metall 8 foizga arzonlashib, qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantiruvchi omil sifatida qayd etildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan 3,3 trillion so‘mlik xomashyo va materiallar sotib olindi, o‘sish 6,5 foizni tashkil etdi. Bitimlarning 95 foizi birja savdolariga to‘g‘ri keldi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni birja orqali sotish hajmi 18 foizga o‘sib, 1,4 trillion so‘mga yetdi. Birjada tuzilgan bitimlarning umumiy hajmida tadbirkorlar va kichik biznes subyektlarining hissasi o‘tgan yilning to‘qqiz oyida 66 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 8 foizga ko‘tarilgani kuzatildi.
Hisob-kitob kliring palatasi tomonidan savdo bitimlari ijrosini kafolatlash yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ishtirokchilar o‘rtasida tuzilgan 193 ming shartnomaning 96 foizi bajarildi. Arbitraj komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilgan munozarali ishlar 8 foiz, bitimlarni bekor qilish 28 foiz, jarimalar qo‘llanilishi 3 foizga qisqardi.
Palata tomonidan ro‘yxatga olingan 5 mingga yaqin yangi mijozning 95 foizini kichik biznes subyektlari tashkil etdi.
– Birja platformasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan doimiy ish olib borilmoqda, – deydi Hisob-kitob kliring palatasi bosh mutaxassisi Jaloliddin Qo‘shnazarov. – Jumladan, maxsus veb-saytning ochilishi tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda. «Mijoz shaxsiy kabineti» interaktiv xizmatidan foydalanuvchilar soni ikki baravarga oshib, 14,5 mingga yetdi.
Matbuot anjumanida elektron imzoni qo‘llashni amalga tatbiq etish, interaktiv xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirish va Hisob-kitob kliring palatasi faoliyatini avtomatlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar istiqboldagi ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi. Jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob qaytardi.