“Kiberxavfsiz tadbirkorlik” — zamonaviy biznes uchun muhim ehtiyoj
Bugun tadbirkorlikni internetsiz, elektron to‘lovlarsiz yoki raqamli xizmatlarsiz tasavvur qilish qiyin.
Aynan shu dolzarb masalaga e’tibor qaratish maqsadida O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda yoshlar uchun “Kiberxavfsiz tadbirkorlik” aksiyasi tashkil etildi.
Tadbir yosh tadbirkorlar, startap tashabbuskorlari, IT sohasi vakillari va biznes egalari uchun o‘ziga xos amaliy muloqot maydoniga aylandi. Unda ishtirokchilar raqamli muhitda biznesni xavfsiz yuritish, ma’lumotlarni himoya qilish va internet orqali sodir bo‘layotgan firibgarliklardan saqlanish bo‘yicha muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Mutaxassislar tomonidan kiberxavfsizlikning eng dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. Xususan, kuchli parol yaratish, ikki bosqichli himoya tizimidan foydalanish, shubhali havolalarni aniqlash va fishing hujumlaridan himoyalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Ayniqsa, elektron tijorat sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun mijozlar ma’lumotlarini muhofaza qilish va onlayn to‘lovlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish masalalari atroflicha tushuntirildi. Real misollar asosida kiberhujumlar qanday amalga oshirilishi va ularning oldini olish usullari ko‘rsatib berildi.
Tadbirda ishtirokchilar nafaqat nazariy bilim, balki kundalik faoliyatda qo‘llash mumkin bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarga ham ega bo‘ldilar. Yosh tadbirkorlarning raqamli biznes xavfsizligiga bo‘lgan qiziqishi ayniqsa yuqori bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, bugun kiberxavfsizlik faqat IT mutaxassislarining emas, har bir tadbirkorning kundalik ehtiyojiga aylanmoqda. Chunki biznesning barqarorligi va mijozlar ishonchi ko‘p jihatdan axborot xavfsizligiga bog‘liq.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday amaliy seminar va ochiq muloqotlarni muntazam tashkil etish davr talabi ekanini qayd etdilar. Zero, raqamli iqtisodiyot sharoitida kiberxavfsizlik — biznesni himoya qilishning eng muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA