Kemerovoda Usmon Nosir yod etildi
O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Kemerovo shahrida qatag‘on qurboni bo‘lgan otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
“Vatandoshlar” jamoat fondi, hududdagi o‘zbek diasporasi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur anjumanda ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari, faol vatandoshlar, o‘zbek talaba-yoshlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Xalqimizning mashhur farzandi Usmon Nosir o‘zining betakror iste’dodi, yuksak matonati va xalqparvarligi bilan o‘zbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirdi. Qatag‘onga uchragan shoirning hayot yo‘li va merosi bugun keng o‘rganilmoqda.

Tadbir ishtirokchilariga shoirning hayoti va ijodini aks ettiruvchi ko‘rgazma va videolavhalar, shu bilan birgalikda, taniqli rejissyor Murod Azamov tomonidan sahnalashtirilgan “Usmon Nosir” spektakli tasviridan parchalar namoyish etildi. O‘zbek talabalari shoirning “Oq she’r”, “Mening bog‘im”, “Yurak” kabi she’rlarini o‘qishdi.
Tadbirda Bosh konsulxona tomonidan mamlakatimizda milliy tariximiz hamda o‘zbek xalqi orasidan dunyoga mashhur bo‘lgan buyuk ajdodlarimizning xotiralarini abadiylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Mamlakatimizda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlayotgani buning amaliy ifodasi ekanligi ta’kidlandi.
Videokonferensiya orqali so‘zga chiqqan “Vatandoshlar” jamoat fondi rahbari Odiljon Sattorov shoirning betakror iste’dodi, yuksak matonati va xalqparvarligi haqida so‘z yuritdi.

– Usmon Nosir nafaqat O‘zbekistonda, balki barcha MDH mamlakatlarida taniqli shoirlardan biri hisoblanadi, – deydi rejissyor Yevgeniy Alladinskiy. – Uning she’rlari Kemerovo viloyati aholisining qalblaridan joy egallagan. Ushbu tadbirda qatnashgan ishtirokchilar, ular qatorida shaxsan men ham shoir haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Bugun o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston Hukumati tomonidan o‘z fuqarolariga, vatandoshlariga hamda o‘zbek xalqining buyuk ajdodlariga berib kelayotgan alohida e’tiborni yaqqol namoyon etdi.
N. Bozorova, O‘zA