Kelajakni bugungi yoshlar barpo etadi
Termiz shahrida «Kelajak liderlari» yosh liderlar klubining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyatida «Kelajak liderlari» klubi a’zoligi uchun 366 nafar izlanuvchan, iqtidorli yigit-qiz hujjat topshirdi. Ular to‘rt bosqichda sinovdan o‘tib, eng tashabbuskor, chuqur bilimga ega 50 nafar yosh saralab olindi.

Tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqib, yangi klubni tashkil etish maqsadlari, jamiyatimiz taraqqiyotidagi ahamiyati, vazifalari haqida atroflicha fikr yuritdi. Klub a’zolarining faoliyatiga omad tiladi.
Prezidentimizning joriy yil 30 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda yosh avlodning hal qiluvchi kuch sifatida maydonga chiqishida muhim omil bo‘lmoqda. Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi intellektual jihatdan salohiyatli va faol fuqarolik pozitsiyasi hamda mustaqil dunyoqarashga ega, teran fikrlaydigan, mamlakatimizning yosh liderlar qatlamini shakllantirish tashabbusini ilgari surdi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Surxondaryo filiali qoshida 20-35 yoshli oliy ta’lim muassasalari talabalari, davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritib kelayotgan yosh davlat fuqarolik xizmatchilari uchun «Kelajak liderlari» klubi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

– Bu uchrashuvimizning o‘ziga xos jihati shundaki, bugun kelajak yaratuvchilarini shakllantirishda yana bir muhim qadam tashlanmoqda, – dedi viloyat rahbari. – Barchamizga ayonki, kelajakni bugungi yoshlar, ya’ni sizlar barpo etasiz. Davlatimiz rahbarining yosh avlod kamoloti va ularning baxtu-saodati yo‘lida olib borayotgan islohotlarini, ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklari va sizlarga bildirayotgan yuksak ishonchini ham har biringiz qalban his etib turibsiz. Bu klub yosh vatanparvar liderlar qatlamini shakllantirib, davlat xizmati uchun yosh kadrlar zaxirasini yaratish, tayyorlangan yosh liderlar o‘z ortidan tengdoshlarini ergashtirib, davlatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish hamda davlat fuqarolik xizmatida yosh istiqbolli kadrlarning ulushini oshirish, yoshlar orasida davlat xizmatchilari to‘g‘risidagi eskicha qarashlardan voz kechib, yoshlarning davlat xizmatidagi faolligini rag‘batlantirishdan iborat.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov ZOOM orqali ishtirok etib, viloyatda faoliyat boshlayotgan «Kelajak liderlari» klubi a’zolarining kelgusida yosh vatanparvar liderlar qatlamini shakllantirib, o‘z ortidan tengdoshlarini ergashtirishi va Yangi O‘zbekistonni barpo etishiga ishonch bildirdi. Bunday ezgu yo‘lda ularga muvaffaqiyat tiladi.

Tadbirda klub a’zolari nomidan viloyat hokimligi yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalari bo‘yicha birinchi toifali mutaxassisi Dilshoda Shermuhamedova, Termiz shahridagi 7-umumta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi Lazizjon Daminov va boshqalar bildirilgan yuksak ishonchni oqlash uchun o‘qib, izlanish va kelajakda mamlakatimiz taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shadigan liderlar bo‘lishga so‘z berdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA