Kelajak liderlari saylovda faol ishtirok etadi
Nurafshon shahrida Toshkent viloyati "Kelajak liderlari klubi" a’zolari 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Komissiya raisi Mahmud Boltaboyev yoshlarga mamlakatimizda joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga Toshkent viloyatida ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgani ta’kidlandi.
Suhbat davomida nafaqat saylov yoshidagi, balki hali saylov yoshiga yetmagan o‘g‘il-qizlarga ham mamlakatimiz milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan dadil islohotlarning yuksak samaralari haqida tushunchalar berish, ularni saylov jarayonlari bilan hozirdan tanishtirib borish zarurligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Viloyat bo‘yicha 963 ta saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatadi. Joriy yil hududda Prezident saylovida yoshlar faolligi o‘tgan saylovlardan ham ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda. Xususan, Olmaliq shahrida 2 ming 754 nafar, Piskent tumanida esa 18 yoshga to‘lgan 2 ming 342 nafar yigit qiz saylovda ilk bor qatnashadi.
Shu kunlarda barcha tuman-shaharlarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida zarur tayyorgarlik ishlari soz holatga keltirildi. Bu jarayonga mas’ullar malakasi oshirilib, zarur saylov qonunchiligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berildi.

– Bu yil men ham mamlakatimiz fuqarolari uchun muhim bo‘lgan siyosiy tadbirda o‘zimiz tanlagan nomzodga ovoz beraman, – deydi Toshkent viloyati "Kelajak liderlari klubi" a’zosi Otabek Isroilov. – bugungi uchrashuvda saylov qonunchiligi bo‘yicha yana bir bor muhim bilimlarga ega bo‘ldik. Klubimizdagi do‘stlarimiz bilan birga, Prezident sayloviga oid turli videoroliklar tayyorlayapmiz. Ularni muntazam ijtimoiy tarmoqlarda joylab boramiz. Shuningdek, o‘zimiz o‘qiyotgan oliygohlarda tengdoshlarimizning ijtimoiy faolligini oshirishga harakat qilyapmiz.
Tadbir davomida "Kelajak liderlari klubi" a’zolariga o‘zlari yashayotgan hududlarda saylovga birinchi bor qatnashayotgan yoshlarga o‘rnak bo‘lishi va ularning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirishda faollik ko‘rsatish zarurligi aytib o‘tildi. Ayniqsa, yoshlarning saylov madaniyatini shakllantirish, ovoz berish jarayonida ongli ravishda faol qatnashish, nomzodlarning saylovoldi dasturlarini qunt bilan o‘rganish bo‘yicha zarur tavsiyalar berish kerakligi alohida qayd etildi.
A.Musayev,O‘zA