“KBS” telekanalida O‘zbekiston haqidagi ko‘rsatuv rekord o‘rnatdi
Janubiy Koreyaning yetakchi media kompaniyasi hisoblanadigan “Korean Broadcasting System” (KBS) milliy telekanali orqali diyorimiz turizm salohiyati haqidagi “O‘zbekiston, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab vaqt sayohati” nomli hujjatli film namoyish etildi.
1 iyul kuni efirga uzatilgan dastur tomoshabinlarning 4.8 foizini qamrab olgan. Bu yil boshidan buyon “KBS” tayyorlagan ko‘rsatuvlar qamrovi bo‘yicha ikkinchi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur hujjatli film mamlakatimizni xorijiy davlatlarda keng targ‘ib etish orqali yurtimizga sayyohlar oqimini tezlashtirish maqsadida mazkur nufuzli OAV ijodkorlari tomonidan joriy yil iyun oyida tasvirga olingan edi.
Ijodiy guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlarida bo‘lib, o‘zbek xalqining madaniyati va an’analari, zamonaviy turistik infratuzilmasi, milliy taomlari hamda me’moriy yodgorliklari haqida qiziqarli va boy ma’lumot to‘plagan edi.
Ma’lumot o‘rnida: “Dunyo bo‘ylab piyoda sayohat” loyihasi “KBS”ning Koreya sayyohlari orasidagi eng mashhur dasturi hisoblanadi. Bu ko‘rsatuvda O‘zbekiston mavzusi avval ham 3 marta yoritilgan.
O‘zA