Katta xirmon oldidan tayyorgarlik
Mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish va aholi turmush farovonligini oshirishda sifatli don yetishtirish, sifatli un mahsulotlari tayyorlash muhim o‘rin tutadi. Shu bois mavsumda yuqori hosildorlikka erishish uchun sifatli urug‘lik don yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Urug‘chilikda esa eng muhim va dolzarb jarayon bu aprobatsiya ko‘rigini sifatli o‘tkazilishidir. Bu tadbir dala sharoitida o‘simliklarning nav jihatdan sofligi, zararkunanda va kasalliklarning ta’siri, ekish uchun mo‘ljallangan urug‘liklarning umumiy holatini aniqlash uchun o‘tkaziladi.
Mas’ul mutaxassislar tomonidan kelgusi yil g‘alla hosili uchun serhosil, navdorlik sifat ko‘rsatkichlari davlat standartlariga to‘liq javob beradigan urug‘lik don jamg‘arish maqsadida, urug‘lik g‘alla maydonlarda aprobatsiya ko‘rigiga tayyorlash ishlari boshlab yuborilgan.

O‘zagroinspeksiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Sh.Usubaliyevning qayd etishicha, hududda 2025 yil hosilidan 159 ta fermer xo‘jaliklari, elita urug‘lik xo‘jaliklari, ilmiy tadqiqot institutlari tomonidan 8 ming bir gektar urug‘lik g‘alla maydonlarda boshoqli don ekinlarning 17 ta navidan jami 5 ming 700 tonna sifatli sara urug‘lik don tayyorlash belgilangan.
Shundan “ko‘paytirish ko‘chatzori” 1 ming 18 gektar, “original” avlodidan 6 ming 172 gektar, “elita” avlodidan 751 gektar maydon urug‘lik g‘alla parvarishlanmoqda. Aytish joiz, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining hududiy boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida tizimli ishlar qilinmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddasiga asosan urug‘lik don qabul qiluvchi urug‘lik sexlarining mas’ul va javobgar shaxslari tomonidan joriy yilda urug‘lik materiallarini qabul qilish, joylashtirishda standartlar talabiga amal qilinishi hamda aprobatsiya komissiya a’zolari belgilangan talabalar asosida o‘tkazish bo‘yicha tizimli ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunda amalga oshirilayotgan bu tadbirlar natijasida 2026 yil g‘alla hosili uchun navdorlik sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, serhosil g‘alla navlaridan urug‘lik don jamg‘arilishda foydalaniladi. Ayni kunlarda Toshkent viloyati bo‘yicha g‘alla o‘rim-yig‘imiga tayyorgarlik uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida hosilni nest-nobud qilmay, qisqa fursatlarda yig‘ishtirib olish uchun o‘rim-yig‘imga puxta tayyorgarlik ko‘rilgan.
Shu maqsadda mavjud jami 217 dona g‘alla o‘rish kombaynlarini sifatli ta’mirlash ishlariga har yilgidan ham ertaroq kirishildi. Buning uchun 7 milliard 441 million so‘m pul mablag‘lari ta’minotchi korxonalarga ehtiyot qismlar xarid qilish uchun chiqarilgan.
G‘alla kombaynlarini ta’mirlash ishlari yakunlanganlari mavsumga tayyorgarlik chizig‘iga qo‘yilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.