Katta futbolga yo‘l shu yerdan boshlanadi (+video)
Namanganda millionlar o‘yiniga mehr azal-azaldan bo‘lakcha. Rashid G‘ofurov, Anvar Soliyev, Xayrullo Karimov, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Odil Ahmedov kabi dongdor futbolchilar ham shu zamindan yetishib chiqqan.
Tajribali charm to‘p ustalariga munosib vorislarni tarbiyalashga yaqindan hissa qo‘shib kelayotgan Namangan viloyati futbol akademiyasida yangi – 2026/2027 o‘quv yili uchun yosh futbolchilarni saralash bo‘yicha qabul imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

Mazkur saralash jarayonida 2014-yilda tavallud topgan 300 dan ziyod talabgorlar ishtirok etdi. Ular akademiyada tahsil olish va futbol bo‘yicha bilim hamda mahoratini yanada rivojlantirish imkoniyati uchun o‘zaro raqobatlashdi.
Imtihonlar davomida ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, tezkorligi, chaqqonligi, to‘p bilan muomala qilish mahorati, texnik va taktik qobiliyatlari mutaxassislar tomonidan baholandi. Jarayonlarni ekspert-hakamlar hay’ati sifatida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, respublika Sport vazirligi, murabbiylar markazi mutaxassislari hamda o‘z vaqtida katta futbolda yorqin davrlarini o‘tkazgan sobiq yulduzlar kuzatib bordilar.

Buning natijasida, saralash yakunida nomzodlar orasidan eng munosib va iqtidorli 22 nafar yosh futbolchi tanlab olinadi.


– Sport maktablari, futbol akademiyalariga qabul imtihonlari o‘z oldida futbolchi bo‘lishdek maqsadlarni qo‘ygan bolajonlar uchun katta imkoniyat, – deydi Namangan futbol akademiyasi direktori G‘anisher Ismoilov. – Har bir nomzod ishtirokchi qobiliyatini namoyish qilib, futbol akademiyamizda tahsil olish uchun munosib ekanligini isbotlashga intildi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston milliy chempionatlarining kam sonli doimiy ishtirokchisi — Namanganning “Navbahor” jamoasi bosh murabbiysi Temur Kapadze qabul imtihonlari jarayonida bevosita qatnashib, yosh futbolchilarning saralash jarayonini kuzatib bordi. Akademiyada o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlarga yuqori baho berdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.