Kasb-hunarli kishi ishsiz qolmaydi
Farg‘ona viloyatida aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Viloyatni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish maqsadida joriy yilda 328,5 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Albatta, bunda mehnat migrantlari bilan ishlash doimiy e’tiborda.
– Farg‘ona shahridagi monomarkazda xorijda ishlash maqsadida bo‘lgan 5 ming 485 nafar mehnat migrantlari kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish uchun jalb qilingan, – deydi Tashqi mehnat migratsiyasi Farg‘ona filiali bosh mutaxassisi Bahromjon Haydarov. – O‘tgan yili 4 ming nafarga yaqin fuqarolar manzilli va tashkillashtirilgan tartibda xorijiy davlatlarga ishga yuborildi. 15 ming 417 nafar fuqarolarga “Hayot va sog‘liq” sug‘urta polislari bepul rasmiylashtirildi.
Prezidentimizning 2020 yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy qilish, aholining ishchanlik faolligini oshirish, kambag‘al, ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, daromad keltiradigan faoliyatlarga jalb etish orqali bandligini ta’minlashga e’tibor qaratilyapti. Shu kunga qadar yashash manzillariga qaytib kelgan 115 ming nafardan ortiq mehnat migrantlarining 100 ming nafarining bandligi ta’minlandi.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar yana 60 ming nafar xorijda yurgan ishsiz fuqarolar yaqinlari oldiga qaytishi kutilmoqda. Ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha istiqbolli chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, tadbirkorlikka jalb qilish, ijaraga yer maydoni berish, doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish, o‘zini o‘zi band qilish va kasb-hunarga o‘qitish, imtiyozli subsidiyalar ajratish bilan bog‘liq yo‘l xaritalari ishlab chiqildi. Bunda, yer olib, dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan, migratsiyadan qaytib keladigan 4 ming 628 nafar yoshlarga auksion savdolari orqali yer maydonlari ajratish orqali daromadini oshirish rejalashtirilgan.
– O‘ttiz yoshga kirdim, – deydi Farg‘ona tumani Avval qishlog‘idan kelgan Usmonjon Mahmudaliyev. –Rossiyaga ishga borsam, qo‘limda hunarim yo‘qligi, rus tilida so‘zlasha olmasligim sababli ish topishda qiyinchiliklarga duch keldim. Topish-tutish, yotib –turishda halovat yo‘q. Mukammal hunar egasi bo‘lmay turib o‘zga yurtlarda ishlash qanchalik og‘ir ekanligini o‘z hayotimda ko‘rib, his qildim. Ayni kunda Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida rus tilini o‘rganish, santexnika va payvandlash yo‘nalishlarida kasb-hunar egasi bo‘lish uchun o‘quv-mashg‘ulotlarga qatnashib, nazariy bilimlarimni amaliyot bilan mustahkamlab kelyapman. Endi qayerga borib ishlasam ham o‘z kasbim bo‘yicha qulay sharoitlarda mehnat qilaman.
Bu bejiz emas. Avvalo til va kasb-hunar egasi bo‘lgan yoshlar nafaqat Rossiya, balki, mehnat sharoiti, ish haqi yuqori bo‘lgan rivojlangan Yevropa, Osiyo va Arab davlatlariga shartnoma asosida ishga jalb etilmoqda. Joriy yilning yakuniga qadar 13 ming nafardan ortiq farg‘onaliklar Janubiy Koreya, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Kanada, Finlyandiya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarga til bilgan, malakali kasb egasi sifatida markazlashtirilgan tarzda mehnat migratsiyasiga jo‘natiladi.

Bu yo‘nalishda malakali mutaxassislar tayyorlash ishlarini yanada yaxshilash maqsadida Farg‘ona viloyati hokimi tashabbusi bilan barcha tuman va shaharlarda “Wegweiser” nemis tili va grammatikasi o‘rgatishga ixtisoslashgan xususiy o‘quv markazi filiallari uchun joy ajratildi. Ayni kunda bu o‘quv markazlari 60 dan 480 nafargacha bo‘lgan yoshlar qamrab olingan. Joriy yilning 3 choragida ularning 200 nafarini Germaniyaga ishlash uchun yuborish ko‘zda tutilyapti.
Yoshlarga til va hunar o‘rgatish, nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash borasidagi ish ko‘lamlari kundan kunga rivojlanib bormoqda. Muhimi, yoshlarning bu sohalarda bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi yuqori.
– Ayni kunda viloyatdagi 33 ta ishlab chiqarish yo‘nalishidagi mahalliy va qo‘shma korxonalar bilan kasb-hunar kurslarida o‘qigan fuqarolar bandligini ta’minlash, qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yildi, – deydi Farg‘ona shahar “Ishga marhamat” monomarkazi direktori Behzod Mamajonov. – Asosiy maqsadimiz kambag‘al va ishsiz aholini doimiy daromad manbaiga ega qilish va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun imkoniyatlar yaratib berish. Bunda muayyan kasb-hunar o‘rganish va malakaga ega bo‘lish talab etiladi. Shu maqsadda aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasi bilan kelganlar, “Temir daftar” “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilganlarni kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligi ta’minlanyapti. Shu kunlarda 1080 nafardan ortiq fuqarolar kasb-hunar va tadbirkorlik kurslariga qamrab olingan. Ularning 11 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi.
Monomarkazda faoliyat olib borayotgan muhandis-ustalar hamda tinglovchilarga zamonaviy bilim va kasbiy mahorat sirlarini o‘rgatish maqsadida Turkiyadan kelgan bir qator kasb ustalari tomonidan malaka oshirish kurslari, seminarlar tashkil etildi va bu jarayon davom etmoqda. Monomarkaz fuqarolarga xorijda malakali mehnat migranti sifatida faoliyat olib borishlari uchun Tashqi mehnat migratsiya agentligi Farg‘ona filiali, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Germaniya, Koreya davlatlariga qishloq xo‘jaligi, mehmonxona xizmatchisi va IT sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha nemis, rus, yapon, koreys tili o‘qitilib kelinmoqda. Hozirgi kunga qadar, bu yo‘nalishdagi kasb-hunarlarga ega bo‘lgan 347 nafar fuqarolar xorijiy davlatlarda ish boshladi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri