Kanada - O‘zbekiston o‘yini soat nechada boshlanishi va qaysi kanal orqali translyatsiya qilinishi ma’lum bo‘ldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2026 guruh bosqichi boshlanishi arafasidagi rasmiy o‘rtoqlik uchrashuvi doirasida Kanada terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Fabio Kannavaro boshqaruvidagi vakillarimiz mazkur uchrashuvda to‘liq va jangovar tarkib bilan ishtirok etishi kutilmoqda. Ta’kidlash joizki, yaqindagina Angliya Kubogi va Liga kubogi sohibiga aylangan «Manchester Siti» klubi himoyachisi Abduqodir Husanov ham Nyu-Yorkdagi yig‘inga yetib kelib, jamoa a’zolari qatoridan joy oldi. Uning kelishi terma jamoamizning mudofaa chizig‘ini yanada mustahkamlashi shubhasiz.
Mazkur xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 2-iyun tongida, soat 06:00 da boshlanishi belgilangan. Yurtimiz futbol ishqibozlari ushbu bahsni «Zo'r TV» telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Rejaga muvofiq, milliy terma jamoamiz Kanadaga qarshi Edmonton shahrida bo‘lib o‘tadigan o‘yindan so‘ng yana AQSHning Nyu-York shahridagi asosiy bazasiga qaytib keladi. Vakillarimiz 8-iyun kuni «Icahn Stadium» stadionida Niderlandiya milliy terma jamoasiga qarshi kechadigan JCH-2026 oldidan oxirgi nazorat bahsiga tayyorgarlikni aynan o‘sha yerda davom ettiradilar.
Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston milliy jamoasi turnirning «H» guruhida Portugaliya, Kolumbiya va Kongo DR terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi
KANADA – O‘ZBEKISTON
2-iyun. Soat 06:00.
Translyatsiya: «Zo'r TV»