Kamchiliklardan tegishli xulosa chiqariladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev shahar va tumanlarda bo‘lib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Nukus shahri faollari, shuningdek, barcha vazirlik, boshqarma, tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda shahar aholisining kundalik hayotida uchrayotgan muammolarga yechim topish, ularning farovon hayotini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada ayrim soha rahbarlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar xususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, Nukus shahri aholisining muammolarini hal etish, shahar infratuzilmasini yaxshilash borasida “Obod mahalla” dasturi, shuningdek, “Og‘ir hudud”lar ro‘yxatiga kiritilgan mahalla fuqarolar yig‘inlarida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Mana shunday bunyodkorlik ishlari bilan bir qatorda ayrim sohalarda xato-kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi. Jumladan, byudjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishi, moliyaviy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, qo‘shib yozishlar yo‘li bilan byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari uchrayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, Nukus markaziy dehqon bozoridagi ayrim salbiy moliyaviy holatlar, bir nechta hokim yordamchilari o‘z ishiga mas’uliyatsizligi sababli ajratilgan kredit mablag‘larini maqsadsiz sarflab yuborgani, banklardagi moliyaviy kamchiliklar, kredit mablag‘larini o‘z manfaati yo‘lida ishlatish, sektorlar faoliyatining qoniqarsizligi tanqid qilindi.

Investitsiya, “Obod qishloq” dasturlari va davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida belgilab berilgan topshiriqlar asosida bajarilishi lozim bo‘lgan qurilish-ta’mirlash ishlari ham to‘liq yakuniga yetkazilmagan. Shuningdek, Nukus shahridagi bir qator qurilish ob’ektlari, xususan, ijtimoiy ob’ektlar, umumta’lim maktablari, bolalar bog‘chalari binolari, xizmat ko‘rsatish o‘rinlari va boshqa ishga tushishi lozim bo‘lgan loyihalar belgilangan rejadan ortda qolib, bu bo‘yicha mas’ullarga to‘liq nazoratga olish, zarur bo‘lsa qonuniy choralar ko‘rish yuzasidan aniq topshiriq berildi.
Yuqoridagi kamchiliklarga yo‘l qo‘yib, o‘z xizmat vazifasi va ishonchni suiiste’mol qilgan Nukus shahri hokimining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari intizomiy jazoga tortildi.
Yurtimizda “Inson qadri” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida ta’lim sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Shunday ekan, barcha e’tibor farzandlar tarbiyasi, bilim olishiga qaratilayotgan bugungi kunda maktab va bog‘chalar qurilishidagi kamchiliklarga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shu sababli qurilish ishlarini, ayniqsa, umumta’lim maktablari va bolalar bog‘chalarini muddatida yakunlamagan qurilish tashkilotlari rahbarlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli soha rahbarlariga ushbu tashkilot rahbarlariga ham intizomiy jazo choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan topshiriq berildi.
Mahallalarda aholining fikr-takliflarini o‘rganish, ularga o‘z faoliyatini boshlashi uchun yordam berishga tayinlangan 37 nafar hokim yordamchisi, Mahalla kesimida ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘ining lavozimga loyiqligi ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq faqatgina Nukus shahridagi 64 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 46 loyiha bo‘yicha jami 56,6 milliard so‘mlik qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Mana shunday uchrashuv Taxiatosh tumani faollari bilan ham bo‘lib o‘tdi. Unda amalga oshirilayotgan ishlar bilan qatorda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tanqid qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri