Kamchiliklar muhokama qilindi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh.Aminov raisligida Qorao‘zak, Mo‘ynoq, To‘rtko‘l, Shumanay tumani prokuraturalarining qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi natijasi hay’at yig‘ilishida muhokama qilindi.
Unda shahar va tuman prokurorlari, o‘rinbosarlari va tergovchilari Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limlari boshliqlari ishtirok etishdi.
Hay’at yig‘ilishi kun tartibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish va jinoyat ishlarining tergovida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar hamda xatolar, prokuratura organlariga yuklatilgan ustuvor vazifalar, ijro va xizmat intizomi talablariga rioya etishi masalalari tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Tahliliy va tanqidiy ruhda o‘tgan hay’at yig‘ilishida, Qorao‘zak, Mo‘ynoq, To‘rtko‘l, Shumanay tumani prokurorlarining hisoboti tinglanib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi hamda ularni qisqa muddatda bartaraf etish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, kun tartibidagi keyingi masalalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv va tergov jarayonlarida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni to‘liq bartaraf qilish, tergov sifatini yaxshilash, qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish hamda “Prokuratura organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish” konsepsiyasi ijrosi va qasamyodga sodiq qolish borasida xodimlarning kelgusidagi vazifalari belgilab berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.