Kadastr idorasida ochiq eshiklar kuni
Namanganda respublika Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmalari tomonidan “Kadastr sohasini korrupsiyadan holi tizimga aylantiramiz” mavzusida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga olib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisining 2025 yil 14 noyabrdagi bayoni bilan tasdiqlangan “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat adliya boshqarmasi, hamkor idora va tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari, yoshlar va fuqarolar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Bahromjon Fozilov, Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Tursunboyev boshqarmalarning ayni tegishli yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan bosh mutaxassislari tarafidan tizimda korrupsiyaning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qilingan ishlar haqida so‘z yuritdi.

Ta’kidlanganidek, birgina 2025 yilning o‘tgan davrida korrupsiyaga qarshi kurash borasida mehnat jamoalarida yuzdan ortiq umumprofilaktik ma’ruzalar, 37 marotaba yakka tartibdagi profilaktik tarbiyaviy ishlar, uchrashuv va suhbatlar, fuqarolarning kadastr tizimi faoliyati haqidagi huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida, soha mutaxassislari bilan birgalikda viloyatdagi 30 ga yaqin mahallalarda huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan davra suhbatlari o‘tkazildi.
“Ochiq eshiklar kuni” tadbiri ko‘tarinki ruhida, ishtirokchilarning faol, erkin, savol-javoblari tarzida, qiziqarli ma’lumotlarga boy tarzda o‘tdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.