Ka’ba eshigi pardasi, Ravza yopinchig‘i, “Alloh” va “Muhammad” yozuvlari tushirilgan badiiy pannolar – O‘zbekistonda!
18-may – Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Islom dini tarixi va muqaddas maskanlar bilan bog‘liq noyob artefaktlarning maxsus ko‘rgazma-taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning eng muhim jihatlaridan biri, Prezidentimiz topshirig‘i asosida Londondan O‘zbekistonga olib kelingan noyob artefaktlarning jurnalistlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida maxsus tarzda ochilgani bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari mazkur ishlarni izchil davom ettirish, madaniy merosni izlash va qaytarish bo‘yicha maxsus ilmiy ekspeditsiyalar hamda fondlar tashkil etish vazifasini ham qo‘ygan edi. Bugun bu topshiriqlar amalda o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, YeXHT va London politsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan maxsus reyd davomida madaniy boyliklar aniqlanib, ularning bir qismi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu voqea nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro madaniy merosni muhofaza qilish sohasida ham muhim voqea sifatida baholanmoqda.

Bugun esa Islom dini va muqaddas qadriyatlarimizga oid yana bir qator noyob yodgorliklar — Kisva parchalari, muqaddas buyumlar va tarixiy ashyolar yurtimizga olib kelindi. Qurbon hayiti arafasida xalqimizga taqdim etilayotgan bu bebaho tuhfalar yurtdoshlarimiz uchun katta ma’naviy ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘rgazmada islom olamining eng muqaddas maskanlari bilan bog‘liq yuksak ma’naviy ahamiyatga ega yodgorliklar namoyish etilmoqda.
Xususan, XIX asrga oid muqaddas Ka’ba eshigining metall iplar bilan tikilgan pardasi — “Burqa” ko‘rgazmaning markaziy eksponatlaridan biriga aylandi. 1880-yilga mansub ushbu yodgorlik muqaddas Ka’ba eshigini bezab turgan tarixiy yopinchiq sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, XIX asr oxiri – XX asr boshlariga oid Ka’ba kisvasining bir qismi – “Xizom” ham jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Kisva muqaddas Ka’bani o‘rab turuvchi mato bo‘lib, uning har bir qismi musulmon olami uchun yuksak qadriyat sifatida baholanadi.
Ko‘rgazmada Madinai Munavvaradagi Ravza maqbarasi yopinchig‘i – “Ravza” eksponati ham namoyish etildi. 1900-yilga oid ushbu artefakt islom tarixi va musulmonlar ma’naviy hayoti bilan chambarchas bog‘liqligi bilan katta qiziqish uyg‘otdi.
Ekspozitsiyaning yana bir muhim qismi sifatida Ka’baning shimoliy qismi tomiga o‘rnatilgan zarhal suv oqizgich – “Mizob ar-Rahmon” taqdim etildi. Ushbu noyob yodgorlik muqaddas Ka’ba arxitekturasining muhim qismi sifatida alohida tarixiy ahamiyatga ega hisoblanadi.

Shu bilan birga, “Muhammad” va “Alloh” yozuvlari tushirilgan badiiy pannolar, XVIII asr oxiriga mansub “Daloil al-xayrot” hamda “Al-hizb al-a’zam” asarlaridan iborat noyob duo kitobi ham ko‘rgazmadan o‘rin oldi. 1793–1795-yillarda ko‘chirilgan mazkur qo‘lyozma kitob islom xattotlik san’ati va diniy adabiyot tarixining nodir namunasi sifatida mutaxassislar e’tiborini tortmoqda.
O‘zbekiston azaldan boy tarix va yuksak madaniyat makoni sifatida dunyo e’tiborini tortib kelgan. Biroq turli tarixiy davrlarda yurtimizga tegishli ko‘plab noyob artefaktlar, qo‘lyozmalar va san’at durdonalari chet ellarga olib chiqib ketilgan.
Xalqaro muzeylar kunida Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilgan ushbu noyob artefaktlar shunchaki tarixiy eksponat emas, balki xalqimizning ma’naviy boyligi va o‘zligini anglash yo‘lidagi ulkan qadamdir. Madaniy meroslarimizning yurtimizga qaytarilishi hamda islom olamining eng muqaddas yodgorliklari – kisva parchalari va tarixiy qo‘lyozmalarning O‘zbekistonda jamlanishi davlatimiz tomonidan olib borilayotgan izchil madaniy-ma’rifiy islohotlarning amaliy samarasidir.

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA