Ka Yongning kitob javonidagi tuflisi
Taqdirning sinovi sabab, uch yasharlik Kim Ka Yongning oyoqlari ishlamay qoladi. Umri nogironlik aravachasida o‘tayotgan qizaloq boshqalarday chopqillab yurishni, miriqib raqs tushishni istaydi.
Shu bois u yigirma yoshida o‘ziga baland poshnali tufli sotib oladi. U o‘sha oyoq kiyimini sog‘lom odamlarga o‘xshab kiyib yurishni juda-juda xohlaydi. Bir kun kelib bu orzusi amalga oshishiga ishonadi ham.

Bundan bir yarim yil avval uning xayolida yangi g‘oya tug‘ildi. Ya’ni, Koreya Respublikasiga “Men kelajakda yozuvchi bo‘lmoqchiman, kitob yozmoqchiman” deya xat yozadi.
Ushbu xatni ko‘rgan koreys ijodkorlari, noshirlari u bilan aloqani yo‘lga qo‘yadi. Ikki oyog‘i ishlamaydigan, faqat ikki bosh barmog‘igina ishlaydigan o‘ttiz yoshli Kim Ka Yong shu yoshgacha ko‘rgan qiyinchiliklar va yuksalishlarini, ko‘nglidagi kechinmalarini qog‘ozga to‘ka boshlaydi.
Mana, oradan bir yarim yil o‘tib ezgu niyatlar amalga oshdi. Koreyalik yozuvchi va noshirlar Cho Chol Xyon, Chxve Xi Yong Kim Ka Yongning orzu va armonlarga to‘la esselarini chop etadi. Kitobga “Ka Yongning kitob javonidagi tuflisi” deya nom qo‘yishadi.

Kuni kecha Kim Ka Yongning Qibray tumanida joylashgan xonadonida ushbu kitobning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda koreyalik mehmonlar, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, O‘zbekistonda ishlayotgan va yashayotgan koreys millati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar kitobning yozilish jarayonlari, undagi ezgu g‘oyalar, Kim Ka Yongning tabiatga, jonivorlarga muhabbati haqida batafsil ma’lumotlar berdi.
Tadbir davomida koreyalik noshirlar muallifga 1500 von miqdoridagi qalam haqi sertifikatini topshirdi.
Koreys yozuvchi va noshirlari o‘zga yurtda yashayotgan millatdoshining bir parcha maktubini e’tiborsiz qoldirmagani, uning istagini to‘la-to‘kis amalga oshirgani, bir so‘z bilan aytganda, orzulari osmon bo‘lgan qizaloqning ko‘nglini osmon qadar yuksaltirgani taqdimotda barchani hayratlantirdi va xursand qildi.

Tadbir o‘tkazilayotgan davraning o‘rtasiga kitob javoni, uning yuqori qismida taqdimoti bo‘layotgan kitob hamda quyi qismida Kim Ka Yongning tuflisi qo‘yilgan edi. Kitobga mavzu bo‘lgan ushbu tufli chindan qadrli edi.
Tadbir so‘nggida yig‘ilganlar Kim Ka Yongning kitoblaridan sotib olishdi va muallif ularning har biriga qo‘lxat qo‘yib berdi. Ishtirokchilar bir piyola choy ustida kitob haqida shirin suhbatlar qurishdi.
Taqdimotda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi vakili sifatida menga ham so‘z berishdi. “Kim Ka Yong bu tuflini kiya olmadim deb hecham o‘ksinmasin, uning orzulari ushbu kitobi orqali amalga oshdi” deb so‘zimni yakunladim. Ha, chindan ham ijodkorning hayotda amalga oshmagan orzu-niyatlari kitoblarida bo‘y ko‘rsatadi, ro‘yobga chiqadi.
Fozil Farhod,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i