Jurnalistlar tashrif manzillari bilan tanishdilar(+video)
Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida mamlakat va viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Prezident tashrif buyurgan manzillarga mediatur tashkil etildi. Ular Farg‘ona shahridagi IT Park markazida yoshlar va soha mutaxassislari hamda tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. EKSPO markazida esa Farg‘onada ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi, xalqaro konferensiya va muzokaralar olib borish, bitimlar imzolash, bojxona, logistika vakolatxonalari faoliyati imkoniyatlarini kuzatdilar. Quvasoydagi “Crown Ceramic” O‘zbekiston–Xitoy korxonasidagi Markaziy Osiyoda yagona o‘lcham va sifatga ega keramogranit ishlab chiqarish jarayonini ko‘rdilar. Barcha manzillarda jurnalist va blogerlarga islohot natijalari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Burxoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi matbuot ahli, ijtimoiy tarmoq faollarida unutilmas taassurot qoldirdi. Ular 34 ta manzildagi hunarmandchilik ko‘rgazmalari, Mirzakarim qutidor uy-hovlisi, musiqali o‘ynoqi fontan va boshqa tarixiy inshoatlar ko‘zgusi bo‘lgan binolar me’moriy yechimidan hayratlarini yashira olmadilar. Saylgohdagi dam oluvchilar bilan suhbat va intervyular uyushtirishdi.
– Bugungi mediaturning asosiy shiori “Farg‘onada yangi kun nafasi” deb nomlanadi. Maqsadimiz kechayotgan islohotlarni bor bo‘yi bilan ko‘rsatish, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b Shuhrat Oripov. – Jurnalistlar bu islohotlarni yoritishda faol bo‘lishi lozim. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning fikrlarini ko‘ramiz, eshitamiz. Lekin ular jamoatchilik fikri emas. Jurnalistlar o‘zlari jarayonlarni ko‘rsa fikrlari o‘zgaryapti. Bular yangi kontentlar orqali OAV, ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chadi. Natijada odamlar bor haqiqatni bo‘yoqlarsiz ko‘radilar.


Mediaturning ikkinchi kunida uning ishtirokchilariga Quva tumanidagi Karkidon suv ombori sayyohlik manzili va “Quvaagrostar” agrokompleksi, agrovoltiaka usulidagi uzumchilik bog‘i hamda Yangi Quva mahallasi faoliyati taqdimoti o‘tkazildi.


– Bugungi mediatur tom ma’noda Yangi O‘zbekistonning nafasini xalqimizga yetkazishda muhim ahamiyatga ega, – deydi Shuhrat Oripov.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/2ROSqfOdq_g?si=YizkJXBWLWbY7jIS" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA