JSTga a’zolik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jahon bozoriga chiqarish imkonini kengaytiradi
Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida agrar tizimda mehnat qilayotgan mutaxassislarning fidokorona va mashaqqatli mehnatini yuksak qadrlab, erishilayotgan yutuq va natijalarni alohida e’tirof etdi.
Qayd etilganidek, yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 37 foizga o‘sib, 3 milliard dollarga yetdi. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich ilk bor 3,2 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. O‘zbekiston meva-sabzavotlari eksport qilinayotgan davlatlar soni 18 taga ko‘payib, 83 taga yetdi. Mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi ushbu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlar O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Agentlikning Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Yergashev ta’kidlaganidek, xalqaro savdoda ishtirok etuvchi tomonlar o‘rtasida yagona tushuncha va atamalarga ega bo‘lish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda xalqaro ekspertlar ishtirokida fitosanitariya sohasiga oid atamalar lug‘ati to‘liq yangilandi.
Natijada o‘simliklar karantini yo‘nalishidagi qonun va qonunosti hujjatlariga 30 dan ortiq Fitosanitariya choralari bo‘yicha xalqaro standartlar (ISPM) hamda Yevropa va O‘rta yer dengizi o‘simliklar himoyasi tashkilotining 140 ta mintaqaviy standartlari uyg‘unlashtirildi.
Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiq ravishda pestitsidlar va mineral o‘g‘itlarni ro‘yxatga olish, import qilish va muomalaga chiqarish tartiblari qayta ko‘rib chiqildi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida “O‘simliklar himoyasi to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, pestitsidlar muomalasini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.
Fitosanitar laboratoriyalar faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Agentlik tizimidagi Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi xalqaro akkreditatsiyaga ega bo‘lib, zamonaviy metodologiya asosida tekshiruvlar olib bormoqda. Joriy yilda 324,8 mingta ekspertiza o‘tkazilib, 940 ta holatda 27 turdagi karantin ob’ektlari aniqlandi va xavfli zararli organizmlarning mamlakat hududiga kirib kelishining oldi olindi.
Fitosanitar nazorat chegara maskanlarida va dala sharoitida ham kuchaytirildi. Karantin inspektorlari tomonidan olib borilayotgan monitoring jarayonlari raqamlashtirilib, barcha ma’lumotlar e-Fito.uz axborot tizimida jamlanmoqda. Shuningdek, O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiyaning E-PHYTO solution tizimiga integratsiya qilingan platforma orqali eksport-import jarayonlari to‘liq nazorat qilinayotir.
Bugungi kunga qadar 76 ta chegara posti zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, 120 nafar inspektor malakasini oshirdi. 2025-2026 yillarda yana 6 ta chegara posti modernizatsiya qilinishi rejalashtirilgan.
Karantin ostidagi mahsulotlarni xavf darajasiga ko‘ra uch toifaga ajratish tadbirkorlar uchun ham qulaylik yaratib, ortiqcha vaqt va xarajatlarni kamaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, fitosanitar ishlov berish – fumigatsiya xizmatlarining bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazilishi sohada sog‘lom raqobatni shakllantirishi kutilmoqda.
JSTga a’zo bo‘lish orqali O‘zbekiston nafaqat eksport hajmini oshirish, balki xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulotlar bilan o‘z o‘rnini mustahkamlash imkoniga ega bo‘lmoqda. Xususan, mamlakatimiz quritilgan olxo‘ri va o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinni, shaftoli va mayizda 7-, gilosda 8-, uzumda 13-o‘rinni egalladi.
Fitosanitariya sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar xalqaro talablarga uyg‘unlashgan holda mamlakatimizning jahon bozoridagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA