JSST bolalar va o‘smirlarda semirish bo‘yicha birinchi global tavsiyalarni e’lon qildi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bolalar va o‘smirlar orasida semizlikning keskin o‘sishiga qarshi kurashishga qaratilgan ilk tavsiyalarini e’lon qildi. Hujjat sog‘liqni saqlash tizimlari va tibbiyot xodimlariga o‘z vaqtida, ilmiy asoslangan hamda insonga yo‘naltirilgan yordam ko‘rsatish yo‘llarini ko‘rsatib beradi.
2024-yilda 5-19 yoshli 170 million bola va o‘smirlar semizlikdan aziyat chekkan, jumladan, 5-9 yoshli 70 million bola hamda 10-19 yoshli 100 million o‘smir. Bu yosh toifasida semirishning tarqalish darajasi 1990-yildan beri 2 foizdan 8 foizga o‘sib, to‘rt barobar ko‘paygan.
Semirish surunkali, qaytalanuvchi kasallik bo‘lib, uni samarali parvarish qilish orqali boshqarish mumkin. Uning oqibatlari hayotning erta bosqichlaridayoq boshlanishi va 2-toifa qandli diabet hamda yurak-qon tomir kasalliklari kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfini oshirishi mumkin. Semirishdan aziyat chekayotgan bolalar va o‘smirlar shuningdek, stigma (kamsitish), diskriminatsiya va bullingga duch kelishlari mumkin. Semirishning oldini olish va uni boshqarish bolalar hamda o‘smirlarning jismoniy va ruhiy salomatligini himoya qilish, ularning sog‘lom o‘sishi, ta’limi, ijtimoiy farovonligi hamda hayot sifatini qo‘llab-quvvatlash uchun juda muhimdir.
Ortiqcha vaznga ega bolalar va o‘smirlar uchun JSST individual tarzda yoki multimodal dastur doirasida yetkazib beriladigan tuzilmaviy parhez, jismoniy faollik va xulq-atvorni o‘zgartirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qat’iy tavsiya qilmoqda. Raqamli sog‘liqni saqlash tadbirlari ota-ona yoki vasiy nazorati ostida shartli ravishda tavsiya etiladi.
JSST 0-9 yoshdagi bolalar uchun dori-darmonlar bilan davolashini, bariatrik jarrohlik amaliyotini (oshqozon yoki ovqat hazm qilish traktini o‘zgartiruvchi vazn yo‘qotish operatsiyasi) yoki vazn yo‘qotish moslamalarini tavsiya etmaydi.
10-19 yoshli o‘smirlarni tasdiqlangan dorilar bilan davolash faqat nazorat qilinadigan multimodal turmush tarzi dasturi kutilgan natijani bermagandagina ko‘rib chiqilishi, haddan tashqari semiz o‘smirlar uchun bariatrik jarrohlik amaliyoti qat’iy shartlar asosida bajarilishi mumkin.
– Bolalar va o‘smirlarda semizlikni davolashning asosi dori-darmon yoki jarrohlik emas, balki sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik va barqaror xulq-atvor o‘zgarishlarini ta’minlaydigan har tomonlama ko‘makka erishishdir, – dedi JSSTning Ovqatlanish va oziq-ovqat xavfsizligi departamenti direktori, doktor Luz Mariya De Regil. – Bizning ustuvor vazifamiz har bir bola va o‘smir erta yoshdan boshlab sifatli yordam hamda qo‘llab-quvvatlovchi muhitdan foydalanishini ta’minlash, bu orqali ularga sog‘lom vaznga erishish va uni saqlab qolishda yordam berish hamda umrbod sog‘liq va farovonlik uchun poydevor qo‘yishdan iboratdir.
Qayd etilishicha, xavotir, depressiya, o‘z-o‘zini past baholash va hissiy boshqaruvning buzilishi nosog‘lom ovqatlanish odatlariga, jismoniy harakatsizlikka va ijtimoiy izolyatsiyaga olib kelishi mumkin. Semizlik bilan yashayotgan bolalar hamda o‘smirlar esa o‘zlarining hissiy farovonligiga zarar yetkazuvchi stigma va bullingni boshdan kechiradi. Tibbiyot xodimlari inklyuziv, yoshga mos va oila jalb qilingan strategiyalardan foydalangan holda ham semirishni, ham ruhiy salomatlik holatlarini erta va birgalikda hal qilishlari kerak.
Tavsiyalarga ko‘ra, sog‘lom vaznga erishish yoki uni saqlab qolishda asosiy e’tibor salomatlik, harakatchanlik va farovonlikni yaxshilashga qaratilishi kerak. Parvarish insonga yo‘naltirilgan, yoshga mos va har bir bola hamda oilaning ehtiyojlariga javob beradigan bo‘lishi, uzoq muddatli kuzatuv va uzluksizlikni ta’minlashi lozim.
Faqatgina davolashning o‘zi semirishning o‘sishini orqaga qaytara olmaydi. JSST sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollikni yanada qulay va arzon qiladigan siyosat hamda chora-tadbirlarni, jumladan, regulyativ va fiskal choralarni hamda ta’lim, shaharsozlik, transport va ijtimoiy himoya sohalaridagi harakatlarni davom ettirishga chaqiradi.
Shuningdek, hujjatda hayot davomida semizlikni davolash, ya’ni bolalikdan to o‘smirlik va katta yoshgacha vaznni boshqarish hamda nazorat qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar bor. Bu tavsiyalar Tashkilotning global semirish epidemiyasiga qarshi keng qamrovli chora-tadbirlarining, jumladan, semirishni to‘xtatish bo‘yicha tezkor rejaning bir qismi hisoblanadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA