Joriy yil 500 va 220 kilovolt kuchlanishli podstansiyalar ishga tushiriladi
2024 yilda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati o‘zining rejasini to‘liq amalga oshirdi. Bu haqda jamiyatning mas’ul xodimi Oftob Xolmurodova bugun bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, jamiyat faoliyati magistral elektr tarmoqlarini foydalanish va rivojlantirish, elektr energiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish va davlatlararo tranzitni amalga oshirish bilan bog‘liqdir. Shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda elektr energetika tizimini mustahkamlashga yo‘naltirilgan ishlar ham olib boriladi.
Ayni kunlarda 2025 yil uchun ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi asosida ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, yanvarda 5 milliard 100 million kilovatt soat elektr energiyasi uzatilib, reja 75 foizga yetkazildi va oy yakunida bu ko‘rsatkich to‘liq bajariladi.

Shuningdek, 2025 yilda umumiy qiymati 259,2 million dollar bo‘lgan 6 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu ishlar doirasida 485 kilometr elektr uzatish tarmoqlari quriladi. 500 va 220 kilovolt kuchlanishli podstansiyalar ishga tushiriladi.
Yil yakunlari bo‘yicha 316 ta transformator, 1719 ta elektr qurilma va 6029 kilometrdan ziyod uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i ta’mirlanadi.
Jamiyat barcha yo‘nalishlarda, ayniqsa, g‘or va qir-adirlarda joylashgan elektr uzatish liniyalarini mukammal holda ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rib, muhandis-texnik xodimlar tomonidan tizimli tekshiruvlar olib bormoqda.
Brifingda tashkilot tomonidan elektr energiyasini uzatish barqarorligini ta’minlash uchun barcha kuch va resurslar safarbar etilgani alohida ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA