Jondor tuman davlat arxivi yangi binoda
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatida Jondor tuman davlat arxivining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Davlat arxivi uchun ajratilgan va zamonaviy tarzda qayta ta’mirlangan yangi binoning tantanali ochilish marosimida viloyat va tuman hokimligi vakillari, “O‘zarxiv” agentligi, Buxoro viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi mas’ullari, soha faxriylari, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Jondor tuman davlat arxivi 2008 yil 1 fevralda tashkil etilgan bo‘lib, dastlab 5 shtat birligidan iborat jamoa tarkibida ish boshlagan. 2019 yildan buyon mavjud hujjatlar tuman sanoat kasb-hunar kolleji yotoqxonasida saqlanayotgan edi.
Yangi binoga ko‘chish arxiv faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. “O‘zarxiv” agentligi va Adliya vazirligining ko‘magi, viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi hamda mahalliy hokimliklar tashabbusi bilan bino kapital ta’mirdan chiqarildi, zamonaviy temir javonlar, skaner uskunalari, mebel jihozlari bilan to‘liq ta’minlandi. Bino xavfsizligi uchun derazalarga tashqi tomondan temir panjaralar o‘rnatildi.
[gallery-24873]
Bugungi kunda mazkur arxivda 1930 yildan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy, huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarga oid hujjatlar saqlanmoqda. Ular o‘zbek va rus tillarida, arab, lotin hamda kirill alifbolarida yozilgan bo‘lib, hujjatlar orasida tarixiy, ilmiy va amaliy ahamiyatga molik nodir manbalar ham mavjud.
Arxiv faoliyati faqat saqlash bilan cheklanmay, ilmiy-texnik qayta ishlov, raqamlashtirish, elektron qidiruv tizimi yaratish, aholiga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarni ham o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda bu boradagi rejalar belgilangan ko‘rsatkichlardan ortiq darajada bajarildi. Yangi binoning foydalanishga topshirilishi esa o‘z navbatida, tarixiy merosni asrab-avaylash, hujjatlarni tizimli ravishda yuritish va ularni kelajak avlodga yetkazish xizmat qiladi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA