Joʻnatilmagan maktub...
Aslida, men bu maktubni tugʻilgan kuni munosabati bilan Said Ahmadga yozmoqchi edim.
Said Ahmad tavalludining yuz yilligiga
Aslida, men bu maktubni tugʻilgan kuni munosabati bilan Said Ahmadga yozmoqchi edim. Lekin Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq yozuvchisi, beozor kulgisi-yu biri-biridan zalvorli asarlari bilan elimiz eʼzoziga erishgan sanʼatkor adib Said Ahmadni otashnafas shoira, vafo va sadoqatning bemisl timsoliga aylangan Saida Zunnunovasiz tasavvur qila olmadim. Shuning uchun ham ushbu nomani ikki vujuddagi bir qalbga, bir-birisiz yashamagan, yashay olmagan Said va Saidaga bagʻishladim...
Taqdirning oʻzi hayotda ham, ijodda ham qoʻsh kabutarga aylantirgan, qoʻsh vujuddagi yagona qalbni ayro koʻrishning oʻzi insofdan boʻlmas edi. Axir, hammasi juda oddiy boshlangan boʻlsa-da, tole sizlarni hammaning havasini keltiradigan darajadagi chiroyli muhabbat tarixi uchun tanlagan edi-da...
Ikkovingizning butun xalqni birlashtirgan, yosh-yalangu keksalar yelkama-yelka turib zahmat chekkan Katta Fargʻona kanali qurilishi davrida uchrashishingizning oʻzida ham bir hikmat bordek, nazarimda. Oʻsha yillarda Yoshlar gazetasi muxbiri boʻlib ishlagan Said Ahmaddan bir necha kitob soʻrab murojaat qilmaganingizda, ehtimol, birda baxtdan boshingiz arshda, birda gʻamdan boshingiz xam boʻlib, mehrga koʻmilib yashash nasib etmasligi ham mumkin edi.
Ajabo, tirikchilikning zil yukini gardaniga olib, bosh suqmagan eshigi, qilmagan ishi qolmagan, lekin hayotini kitobsiz tasavvur qilolmaydigan ikki otash qalbning tutashuviga, ikki ishq irmogʻining bir oʻzanga qoʻshilib oqishiga aynan kitob sabab boʻlgandi.
Darhaqiqat hayot biz oʻylaganimizdan ancha dushvor. Yoʻqsa, quvonch karvonini quvlab qaygʻu kelarmidi? Baxtning boʻylariga boqib toʻymasdan baxtsizlik eshikdan moʻralarmidi? Ehtimol, Saidaxonim, “Aftidan, men mashaqqatlarni koʻtarish uchun yaralganman...”, deganingizda hayotingizda kulgiliklardan koʻra koʻrgiliklar koʻproq boʻlishini oldindan koʻra bilgandirsiz...
Tolening shoʻrishini koʻringki, hatto shoyon shodliklari, zavqiyobligi bilan bir umr esda qoladigan toʻy kuni ham oqshom koʻylagini aza koʻylagiga almashtirganingiz, endigina oʻn yetti bahorni qarshilagan suyukli ukangiz Nasibjonning toʻsatdan vafot etishi, onangiz Sabohatxon ayaning qizining toʻyida davron surish oʻrniga, Andijonga, oʻgʻlining dafn marosimini oʻtkazish uchun qaytib ketganini eslasam, quruqshab borayotgan lablarim shoirning dardli satrlarini pichirlaydi:
«Sen beshik emassan,
dorsan, tabiat,
Sen ona emassan,
jallodsan, dunyo!»...
Aftidan, bu qop-qora qaygʻu qatimiga ming bitta mashaqqatdan tizilgan marjonlarning biri ekan, xolos. Yoʻqsa, yaxshi niyatlar bilan boshlangan toʻydan koʻp emas, oz emas uch oy oʻtar-oʻtmas Said Ahmadga “xalq dushmani” degan nohaq ayblov qoʻyilib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilarmidi? Saidaxonim, oʻsha vaqtlardagi qiyin ahvolingizni, taqdirning bunday gurzinarvon zarbalariga qanday matonat bilan, dosh berganingizni cheksiz hurmat bilan beixtiyor koʻzlarimda yosh bilan yodga olaman...
Ayniqsa, bir holat qayta-qayta koʻz oʻngimda xuddi kino tasmasiga muhrlangandek gavdalanaveradi. Beayb aybdor Said Ahmad va “xalq dushmanining ayoli” Saida Zunnunovaga, yanayam toʻgʻrirogʻi, Sizni uyushma aʼzoligidan chetlatishga bagʻishlangan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi rayosatining navbatdan tashqari majlisi. Oʻzini tergovchidek his qilgan uyushma raisi Sizni turgʻizib qoʻyib, soʻroqqa tutib: “Nima uchun siz hanuz xalq dushmani boʻlmish oʻz eringizdan voz kechmadingiz? Siz yozuvchilar shaʼniga dogʻ tushiryapsiz. Kotibiyat aʼzolari eringizdan voz kechishingizni talab qilishyapti”, deya tuturuqsiz savollari iskanjasida yoriga vafodor mardona ayol boʻlib turgansiz...
Lekin bu notavon kas na otadan erta ayrilish azoblari, na urush va urushdan keyingi qiyinchiliklar qaddini egolmagan, ketma-ket kelgan kulfatlar koʻnglini sindirib, ruhini soʻndirolmagan matonatli qalbga qoʻrquv begona boʻlishini qaydan ham bilsin! Shuning uchun boʻlsa kerak, Sizning yagona javobingiz: “Men bunday yoʻl tuta olmayman!”, deya jasorat ila aytgan soʻzlaringizni eshitgan zahotiyoq u shalvirab qoldi...
Siz esa magʻrur, joʻshqin qon gupirib turgan qaddingizni tik tutgancha izdihomni tark etdingiz. Toʻppa-toʻgʻri pochtaga borib, betamiz rais nomiga alamga toʻla xat yozdingiz. Boshqa konvertga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan berilgan ruxsatnomani solib, kadrlar boʻlimiga yubordingiz. Sizning gʻururingizni toptamoqchi boʻlganlarning qilichi sindi, obroʻyingizni toʻkmoqchi boʻlganlar oyogʻingiz ostiga xazondek toʻkildi.
Biroq... biroq Siz ochiqda yurib ham, “siyosiy mahbus” sifatida panjara azobini tortayotgan jufti halolingizdan ham koʻproq azoblarga duchor etildingiz. Siz uchun barcha eshiklar yopildi. Oʻqishdan, ishdan haydashdi. Na sheʼringiz bosilar, na kitobingiz chiqardi. Siz imdod kutib borgan dargohlar dardingizga dard qoʻshardi, xolos. Nohaqliklar jon-joningizdan oʻtib ketgani ham roʻyirost. Oʻz onangizdek boʻlib qolgan qaynonangiz bilan kechirgan musibat toʻla kunlarning qay birini aytay? Axir, bunday zilmonda yukni bir odam koʻtarishi uchun oʻzingiz yozgandek, inson fil boʻlishi kerak!
Siz qatʼiyatda qoyadek mustahkam, irodali ayol sifatida turmush oʻrtogʻingiz nohaq qamalganiga, porloq kunlar kelishiga ishondingiz. Roʻzgʻorni tebratish uchun ijodkorlarning asarlarini mashinkada yozib berdingiz, odamlarning qadami uzilgan, qarindosh-urugʻlarning dashnomlariga eʼtibor bermay, zulmatning chekinishidan umid qildingiz. Va umidlaringiz zoye ketmadi. Sizning Saidingiz, sizni sevgan, siz uchungina yashagan va qatagʻonning qonsiragan qilichidan omon chiqqan Said Ahmad qoʻrquv saltanatining hukmdori vafotidan keyin oqlandi. Yana sizning hayot kitobingizda roʻshnolik sahifalari bitildi.
Ijodni sogʻingan, soʻzga sigʻingan ikki qalb qoʻrida pishib yetilgan asarlar ketma-ket kitobxonlar qoʻliga yetib borib, ularning qalbini zabt eta boshladi. Sohir qalam saxovatidan sheʼrlar, dostonlar, hikoya va qissalar, hatto salmoqli romanlaru trilogiyalar tugʻildi. Unvonlar, ordenu medallar, mukofotlar oʻz yoʻliga, eng muhimi, xalq mehri, el eʼzozi boʻyningizga gulchambar boʻldi.
Biroq bu baxtning ham umri nihoyatda qisqa boʻldi. Endi sinov davri Said Ahmadga yetdi. Avval Said Saidasini tark etib, soʻng qaytib kelgan boʻlsa, Saidasi Saidini manguga tark etdi. Bir-biriga suyanib, ogʻir-yengil kunlarda sirdosh, darddosh, hammaslak boʻlgan bu ikki ijodkorning ayriligʻi jisman boʻlsa-da, biri ikkinchisini doimo ruhan his qilib yashadi. Koʻz oʻngida uning ajabtovur siymosi har lahzada gavdalandi...
XX asr oʻzbek adabiyoti bosib oʻtgan yoʻlni, maʼlum maʼnoda, haqiqat izlash, inson qalbiga yaqinlashish yoʻli, desa boʻladi. Sabotli Said Ahmad va sadoqatli Saida Zunnunova ijodi bunga yorqin misoldir. Zero, ikkovingiz ham umr boʻyi haq soʻzni aytib keldingiz va qalb amri ila yozdingiz. Umringiz mazmuniga aylangan va asarlaringiz mehvari boʻlgan bu xislatlar nafaqat yosh ijodkorlarga, balki har bir insonga oʻrnak boʻlgulikdir. Zero, turmush tashvishlari, qalblarni kemirgan qiyinchiliklarga qaramay, tinimsiz mehnat qilgan, ijod mashaqqatlaridan huzur tuygan metin irodali Said Ahmad va sabrda sinalgan Saida Zunnunovadan boy adabiy meros qoldi. Sizning bir umr Oʻzbekistonning mustaqilligini orzu qilib yashaganingiz, shu zamin farzandi sifatida, shu aziz Vatanning fidoyi ijodkori sifatida qilgan hayotiy jasoratingiz barchamizga ibratdir. Qalbingiz qoʻrida yetilgan va sohir qalamingizdan toʻkilgan satrlarning hamon sevib oʻqilayotgani ham shundan dalolatdir.
Garchand, ogʻir xastalik sabab oramizdan erta ketgan, dorilamon kunlarimizgacha yetib kelmagan boʻlsangizda, Said Ahmad qalbida turib mustaqillikka erishganimizdan quvonganingizga ishongim keladi. Axir,
hassos nazmi, samimiy nasri oʻzbek kitobxonlarining maʼnaviy mulkiga aylanib qolgan sizdek benazir adiba olamdan oʻtganidan soʻng ham Said Ahmad oʻttiz yil davomida oʻz Saidasini qalbining eng toʻrida asrab kelgani ayni haqiqatku!
Bugun yurtimiz chiroyiga koʻrk bagʻishlab turgan Oʻzbekiston Milliy bogʻi bagʻrida Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Adiblar xiyobonida xuddi bundan ellik yil oldingidek ijodiy suhbat qurib oʻtirishingiz ham Said bilan Saida tongla mahshargacha ayrilmasligidan, chorakkam bir asr ilgari bir-biriga talpingan ikki dilning hamon vobastaligidan, yurt ishqiga limmo-lim qalblarning payvastaligidan dalolat berib turgandek goʻyo...
Temur QURBON.
Manba: postda.uz