Jizzaxda ustozlar mehnati yuksak qadrlandi
Jizzax viloyatida O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimligi anjumanlar saroyida o‘tkazilgan tadbirda ta’lim-tarbiya sohasida samarali mehnat qilib, yosh avlodga sifatli bilim berish, ularning salohiyatini yuksaltirish va kamol topishiga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi pedagoglar ishtirok etdi.
Tadbirda Jizzax viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
– Siz azizlarning timsolingizda o‘z hayotini dunyodagi eng mashaqqatli va sharafli kasbga bag‘ishlab kelayotgan barcha viloyatimiz pedagoglarini O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman, – dedi viloyat hokimi.

Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, o‘qituvchilar nufuzini yuksaltirish va ularning mehnatini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jizzax viloyatida ham zamonaviy ta’lim muhitini yaratish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Bayram tadbirida ana shu sa’y-harakatlarning samaralari, ustozlarning ta’lim sohasidagi fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi. Prezident farmoniga muvofiq, bir guruh jizzaxlik pedagoglar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani ta’kidlandi.

Jumladan, Zomin tumanidagi 1-maktab jamoatchilik kengashi raisi Ismatulla Raimovga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni berildi. Jizzax davlat pedagogika universiteti tabiiy fanlar fakulteti dekani Zuhra Yaxshiyeva I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan, Yangiobod tumanidagi 7-maktab direktori Tal’at Sulaymonov, Do‘stlik tumanidagi 10-maktab ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Barno Alibayeva hamda Sharof Rashidov tumani ixtisoslashtirilgan maktabining informatika fani o‘qituvchisi Hasan G‘iyosov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Shuningdek, tadbirda “Yil o‘qituvchisi – 2026” kasbiy ko‘rik-tanlovida Jizzax viloyatidan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ustozlarga 616 million so‘mdan pul mukofoti topshirildi.
Pedagoglarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish borasidagi ezgu an’ana ham davom ettirildi. Jumladan, bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan 3 ta tumanga 100 million so‘mdan, 13 ta maktabga 100 million so‘mdan va 13 nafar sinf rahbariga 30 million so‘mdan pul mukofotlari berildi.

Ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijalari ham salmoqli. So‘nggi o‘n yilda viloyatda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 16 foizdan 79 foizga, maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga qamrovi esa 7 foizdan 40 foizga yetdi.
Joriy yilda 1318 nafar bitiruvchi oliy ta’limga kirish imtihonlarida 150 balldan yuqori natija qayd etgan bo‘lsa, 304 nafari 189,9 ball to‘pladi. Bu natija Jizzax viloyatining respublikadagi yuqori ko‘rsatkichlarga ega hududlar qatorida ekanini ko‘rsatmoqda.

Tantanali tadbirda pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslar ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, o‘quv yili yakunida viloyatdagi eng yaxshi 100 nafar fan o‘qituvchisiga mamlakatimizdagi nufuzli sihatgohlarda dam olish uchun bepul yo‘llanmalar ajratiladi. Shuningdek, 1 ming nafar faol pedagogning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etiladi.
Respublika yoki xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchisi birinchi o‘rinni egallagan ustozlarni xorijiy davlatlarga sayohatga yuborish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbir yakunida faol pedagoglarga tashakkur bildirilib, bayram sovg‘alari topshirildi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri