Jizzaxda “Kelajak liderlari” klubi faoliyat boshladi
Jizzax viloyati hokimligining Innovatsion markazida “Kelajak liderlari” klubining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departamenti, viloyat hokimligi, davlat organlari, mutasaddi tashkilotlarning rahbar va xodimlari, yosh davlat fuqarolik xizmatchilari, “Kelajak liderlari” klubiga saralab olingan 50 nafar yosh yigit-qizlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
[gallery-3609]
Prezidentimizning joriy yil 13 iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, viloyatlarda iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlarini shakllantirishga qaratilgan “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish belgilangan edi.
Davlatimiz rahbarining ushbu farmoni ijrosi doirasida joriy yilning 16 iyul kuni “Jizzax viloyatida “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi viloyat hokimining qarori tasdiqlanib, shu munosabat bilan Samarqand viloyatida tajriba asosida viloyatdagi 20 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritib kelayotgan yosh davlat fuqarolik xizmatchilari uchun “Kelajak liderlari” klubi tashkil etildi.
– Klubni tashkil etishdan asosiy maqsad, davlat xizmati uchun yangi avlod kadrlarini shakllantirish, yoshlarni, ayniqsa, yosh xotin-qizlarni davlat xizmatiga keng jalb etish, davlat xizmatining jozibadorligini oshirish va yosh istiqbolli kadrlardan rahbarlik lavozimlariga zaxira shakllantirib borishdan iborat, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri Bahodir Mirusmanov.
“Kelajak liderlari” klubiga a’zolarni saralash Jizzax viloyatida ham to‘rt bosqichda amalga oshirildi.
Belgilangan muddat davomida elektron platformaga 430 ta hujjat qabul qilindi. Tanlovning 2-bosqichida test sinovlari o‘tkazilib, nomzodlar “test.argos.uz” saytida “Kelajak liderlari-2021” platformasida test topshirdi. Bu yoshlardan 89 nafari yoki 50 foizi test sinovlaridan 56 va undan yuqori ball to‘plab, tanlovning keyingi bosqichiga o‘tdi.
Nomzodlarning “Xalqni sevadigan davlat xizmatchisi” mavzusida yozma insho (esse) yozish orqali bilim darajalari sinovdan o‘tkazildi. Unda 84 nafar nomzod ishtirok etib, hammasi keyingi bosqichga o‘tkazildi. Suhbatda 50 nafar yosh lider saralab olindi. Saralab olingan klub a’zolarining 24 nafari oliy ta’lim muassasalari talabalari bo‘lsa, 26 nafar yosh yigit-qizlar davlat fuqarolik xizmatchilaridan tashkil topdi.
Klubning ochilish marosimida klub faoliyati yuzasidan taqdimot o‘tkazilib, maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berildi.
– Klub a’zolari uchun tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan yoshlar o‘zlarining tuman va shaharlarida ham klub faoliyatini yo‘lga qo‘yadi, 20-35 yoshli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlab boradi, – deydi “Kelajak liderlari” klubi prezidenti Dilshod Mirzayev. – Klub a’zolarimiz orasidan eng yuqori kredit-ball to‘plagan vakillar “Hokim bilan bir kun”, “Davlat fuqarolik xizmatchisining dublyori”, “Davlat xizmatini rivojlantirish agentligida bir kun” kabi loyihalarida ishtirok etadi, shuningdek, o‘z yo‘nalishiga mos davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga stajirovka o‘tashlari uchun biriktiriladi.
– Faol a’zolar kredit-ball tizimida tegishli ballarni bir yil davomida to‘plab, ushbu ballarni klub tomonidan taqdim etiladigan imtiyozlarga almashtirish imkoniyatini qo‘lga kiritadi, – dedi klub vitseprezidenti Otabek Musurmonov. – Klub a’zolarini rag‘batlantirish maqsadida faol a’zolar istagan davlat organlari va tashkilotlarida amaliyot o‘tashi, xususan, rivojlangan xorijiy davlatlarda ham, Davlat boshqaruv akademiyasining “Kelajak liderlari” o‘quv-kursiga o‘qishga yuboriladi. Yosh istiqbolli kadrlar sifatida rahbarlik lavozimlariga zaxiraga olinishi, yuqori darajadagi davlat tadbirlarida ishtirok etishi, shuningdek, davlat mukofotlariga tavsiya etilishi nazarda tutilgan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA