Jizzax viloyatida qancha aholi yashaydi?
Jizzax viloyati statistika boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 1 iyul holatiga viloyatning doimiy aholisi soni 1 million 424 ming 845 kishini tashkil etmoqda.
Prezidentimizning 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatning barcha shahar va tumanlarida keng qamrovli tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.
Viloyatning barcha shahar, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari idoralari, shahar-tuman kadastr bo‘limlari tomonidan ko‘chalarga nom qo‘yilib, xonadonlar raqamlandi, uy va xonadonlar raqami ko‘rsatilgan belgilar o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Viloyatdagi SHFY, QFY hamda MFY idoralari mutasaddilari tomonidan aholi punktlarida yashovchi fuqarolar ro‘yxatlari yangilanib borilayapti. Bundan tashqari, ro‘yxatga olish tadbirini aholi o‘rtasida targ‘ib qilish maqsadida ommaviy axborot vositalarida muntazam chiqishlar amalga oshirib borilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar samarasida ayni paytda Jizzax viloyatida istiqomat qiluvchi aholining aniq ro‘yxati shakllantirildi.
Jizzax viloyatining shaharlari aholisi soni 666 ming 235 kishini, qishloqlari aholisi soni esa 758 ming 610 kishini tashkil etayotir. Aholining 717 ming 933 nafari erkaklar va 706 ming 912 nafari xotin-qizlardir.
Davlat rahbarining farmoni hamda hukumat qarorining ijrosi borasidagi ishlar davom etmoqda.
A.Qayumov, O‘zA