Jizzax viloyati xabarlari — qisqa satrlarda
Yangiobod tumanidagi “Sarmich” mahalla fuqarolar yig‘inida chegara hududlarida faoliyat yuritayotgan chorvadorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Suhbatlar davomida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim qilindi.

Tadbirda chegara hududlarida yashovchi aholi uchun belgilangan tartib-qoidalar, chorvachilik faoliyatini xavfsiz tashkil etish hamda davlat chegarasining daxlsizligini ta’minlash borasida amaliy tavsiyalar berildi.
Fuqarolar o‘z taklif va savollarini berishib, ularga joyida javob oldilar.

Uchrashuv yakunida aholiga qonun talablariga rioya qilish, hushyorlik va ogohlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
***
G‘allaorol tumanida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom etmoqda. Jadal rivojlanish dasturi doirasida tumanning bir qator mahallalarida yangi suv tarmoqlari tortilmoqda, eski quvurlar yangilanmoqda.


Loyiha natijasida har bir xonadon barqaror va xavfsiz ichimlik suvi bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Qurilish va montaj ishlari belgilangan jadval asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu esa aholining turmush sifatini yaxshilashga xizmat qilayotir.
***
Zomin tumani adliya bo‘limida fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida yangi tashabbus – “Huquqiy viktorinalar” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ma’lumki, fuqarolar eng ko‘p murojaat qiluvchi davlat idoralari orasida Davlat xizmatlari markazlari va FHDYO bo‘limlari yetakchi o‘rinni egallaydi. Shuni inobatga olgan holda, adliya bo‘limi har kuni yuzlab fuqarolar bilan muloqot jarayonida ularning huquqiy bilimlarini mustahkamlashga e’tibor qaratmoqda.

Navbatdagi viktorinada faol qatnashgan Muhabbat Qaraboyeva g‘olib deb topilib, “Ziyo ulash” aksiyasi doirasida esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Tashabbusning asosiy maqsadi – fuqarolarda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishga intilishni kuchaytirishdir.
***
Forish tumani hokimi Sohib Islamov “O‘zbekiston” mahallasidagi “Helen Textile” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

2020 yildan buyon ishlab kelayotgan mazkur korxonada hozirgi kunda 80 dan ortiq xotin-qizlar mehnat qilmoqda. Tuman rahbari ishchi-xizmatchilar bilan suhbatda korxona ishlab chiqarish jarayonlarini yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksportbop mahsulotlar tayyorlashni jadallashtirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Shuningdek, hokim tomonidan mahsulotlarini xorij bozorlariga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish borasida aniq vazifa va tavsiyalar belgilab berildi.
***
Zarbdor tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan is gazi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar izchil davom etmoqda.

Targ‘ibot ishlari doirasida aholiga zilzila, yong‘in, suv toshqini kabi holatlarda to‘g‘ri harakat qilish qoidalari tushuntirilmoqda.

Shuningdek, xonadonlarda isitish tizimlarining holati, elektr va gaz jihozlaridan xavfsiz foydalanish tartiblari o‘rganilib, fuqarolarga amaliy ko‘rsatmalar berilmoqda.

Bu choralar aholining xavfsizligi va hushyorligini ta’minlashga qaratilgan.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri