Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi, “Yuksalish” harakati Jizzax viloyati hududiy bo‘linmalari, O‘zNNTMA viloyat bo‘limi, imkoniyati cheklangan shaxslar bilan ishlovchi NNT vakillari hamda soha ekspertlari ishtirokida Jizzax shahridagi bekatlar, jamoat transportlari va jamoat joylarida nogironligi bor shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi.
Xususan, 80 dan ortiq bekatda nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘siqsiz harakatlanishi uchun pandus, yoritish chirog‘i, chiqindi tashlaydigan maxsus idish, o‘rindiqlar holatini yaxshilash bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga taklif va tavsiyalar berildi.


***
Mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda, Yangiobod tumanida "Balandchaqir nurli kelajak" mas’uliyati cheklangan jamiyati Jahon banki tomonidan ajratilgan grant asosida qo‘ziqorinning shampinyon turini yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi.
Ushbu loyiha orqali mahallada 10 nafar ishsiz ayolning bandligi ta’minlandi. Qo‘ziqorin yetishtirish tuman uchun yangilik bo‘lib, ushbu mahsulotga hududlarda talab yuqori bo‘lganligi sababli, kelgusida ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.


***
Forish tumanida DXX chegara qo‘shinlari “Yosh chegarachi” harbiy akademik litseyiga o‘qishga taklif etish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda tumandagi umumta’lim maktablari direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, ota-onalar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Targ‘ibot tadbirini Forish tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Elnora Ummatova boshqarib bordi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga “Yosh chegarachi” harbiy akademik litseyida o‘qish jarayonlari, bu yerda litsey o‘quvchilariga yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. “Yosh chegarachi” harbiy akademik litseyi faoliyatiga oid videorolik namoyish etildi.

***
G‘allaorol tumanida “Dolzarb 90 kun” va “Yoshlar oyligi” doirasida yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida navbatdagi tadbir tashkil etildi.
G‘allaorol tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan Olimlar mahallasi hududidagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan yozgi sog‘lomlashtirish markazida bolalar uchun maxsus amaliy mashg‘ulotlar va ko‘rgazmalar tashkil qilindi.

Tadbir doirasida yosh ishtirokchilarga qutqaruvchilarning kundalik xizmat faoliyati, foydalaniladigan asbob-uskunalari hamda yong‘in-qutqaruv texnikalari namoyish etildi. Qiziquvchan yoshlar ularni yaqindan ko‘zdan kechirish, savollar berish va ayrim jihozlarni amaliy sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

***
Jizzax viloyati soliq boshqarmasi tomonidan soliq qarzdorlarini aniqlash va ular bilan tizimli ish olib borish orqali qarzdorlikni qisqartirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda, joriy yilning shu kunlarida majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda “Mega-farm OIL” MCHJga tegishli xatlov ishlari olib borildi.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, mazkur jamiyatning amaldagi soliq qarzdorligi 985 million 100 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Soliq organlari tomonidan ushbu qarzni undirish va tadbirkorning faoliyatini qonuniy asosda tiklashga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri