Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Do‘stlik tuman hokimligi va tuman ichki ishlar bo‘limi tashabbusi bilan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tumandagi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan “Vatanparvarlik va huquq” to‘garagi o‘quvchilari uchun sayohatlar uyushtirilmoqda.
Jumladan, tumandagi 1-sonli umumta’lim maktabi to‘garak a’zolaridan tashkil topgan yuqori sinf o‘quvchilari uchun Jizzax viloyat ichki ishlar organlari tarixiy muzeyi va Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyiga sayohat uyushtirildi.
[gallery-20920]
Mazkur sayohat orqali to‘garak a’zolari tizimning faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi. E’tiborlisi, bu kabi sayohatlarni tumandagi boshqa umumta’lim maktablari o‘quvchilari bilan ham belgilangan jadval asosida o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
***
Yangiobod tumanidagi 2-umumta’lim maktabi o‘quvchilarini harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi uyushtirildi.
Tadbirda Jizzax garnizonidagi “N” harbiy qism ofitser va serjantlari, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi hamda harbiy xizmat faxriylari va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda yoshlarning ongiga ta’sir qiluvchi turli omillarning salbiy oqibatlari va internet tarmoqlaridan to‘g‘ri foydalanish, milliy armiyamiz kuch-qudrati, unda yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
***
Arnasoy tuman markazida yashovchi aholi xonadonlarida qish mavsumini betalafot o‘tkazish yuzasidan profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, “Bobur”, “G‘afur G‘ulom”, “Oltin vodiy”, “G‘oliblar” mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi fuqarolar xonadonlarida qo‘lbola, ya’ni nostandart isitish pechlaridan foydalanib kelayotganligi holatlari aniqlandi.
Fuqarolarga yong‘in va boshqa turdagi sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish, sodir bo‘lganda harakatlanish tartiblari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi va ularga zaruriy tavsiyalar berildi.
***
Maktabgacha va maktab ta’lim vazirining buyrug‘iga asosan Jizzax viloyatining umumiy o‘rta ta’lim va ixtisoslashgan maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Ixtirochilikka qadam” respublika ko‘rik- tanlovining shahar va tuman bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, Paxtakor innovatsion tumanidagi umumtalim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tgan tanlov yuqori saviyada tashkil etildi.
Unda tumandagi 2-, 4- va 8-sonli umumta’lim maktablari qoshidagi “Innovatorlar klubi” to‘garagi a’zolaridan tashkil topgan jamoalar kuchli uchlikdan joy olib, tanlovning viloyat bosqichiga beriladigan 3 ta yo‘llanma sohibiga aylandi.
***
Jizzax garnizonidagi “N” harbiy qismda “Sog‘lom oila” shiori ostida “Uddalaymiz” sport musobaqasi o‘tkazildi.
Ushbu musobaqada harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolaridan tashkil topgan jamoalar darts, to‘pni savatga tushirish, tansiq taom tayyorlash va yangi yil archasini bezatish kabi shartlar asosida bellashdi.
Qizg‘in va shiddatli o‘tgan bellashuvda munosib ishtirok etib, g‘olib va sovrindor bo‘lgan oilalarga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri