Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Nasiba Ergasheva tuman markaziy shifoxonasida bo‘lib, bemorlar holidan xabar oldi va tizimda olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdi.
Fuqarolar sog‘ligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganligi, shuningdek, tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifati yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rgandi.
* * *
Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Jizzax viloyatida o‘tkazilayotgan “Salomatlik haftaligi” doirasida Do‘stlik tumanida ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan.


Respublika miqyosidagi shifoxonalarning yetuk jarrohlari tuman markaziy shifoxonasida davolanayotgan bemorlarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bilan birga murakkab jarrohlik operatsiyalarini ham amalga oshirayapti.
* * *
Zarbdor tumani 3-sektor rahbari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Yo.Akaboyev “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan uchrashib, murojaatlarini tingladi. Ko‘tarilgan masalalarning asosiy qismi joyida o‘z yechimini topdi.
Uchrashuv so‘ngida, mahalladagi “Yoshlar daftari” ro‘yxatidan o‘rin olgan 2 nafar yigitga elektr bilan ishlaydigan payvandlash uskunasi topshirildi. Endi ular o‘z-o‘zini band qildi.
* * *
Zafarobod tumanida adliya bo‘limi boshlig‘i B.Ikromov hamda byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabul jarayonida 27 nafar fuqaroning murojaati joyida ko‘rib chiqilib, 7 tasi qanoatlantirildi, 14 murojaatga huquqiy tushunchalar berildi va 6 nafar fuqaroning joriy yil mart oyi uchun nafaqa olish haqidagi murojaati ijro uchun qabul qilindi.
Bundan tashqari, sayyor qabulga kelgan fuqarolar o‘rtasida, ijtimoiy tarmoq orqali bolalar nafaqasi tayinlash jarayoni bo‘yicha bildirilgan tanqidiy fikrlarga qaror talablaridan kelib chiqib, atroflicha ma’lumotlar berdi.
* * *
Zomin tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi tashabbusi bilan hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tayyorlov va katta guruh tarbiyalanuvchilari ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Intellektual o‘yin g‘olib, sovrindor va barcha ishtirokchilari, tashkilotchilarning diplom, faxriy yorliq, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
* * *
Mirzacho‘l tuman hokimligi va tadbirkorlar tomonidan “2022-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani “Marjonko‘l” mahalla fuqarolar yig‘inini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi” ijrosi doirasida ko‘rsatilgan homiylik yordami yuklangan mashinalar Gagarin shahridan jo‘nab ketdi.
Ushbu homiylik yordami tarkibida Mirzacho‘lda mahalliy korxona va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar: kiyim-kechak, madaniy-maishiy texnikalar ijtimoiy soha ob’ektlariga, shuningdek, “Temir daftar”dagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy himoya sifatida taqdim etiladi.
* * *
Forish tuman prokurori Mirzarahim Otaqulov rahbarlik qilayotgan 2-sektor hududidagi 6 ta mahalla fuqarolar yig‘ini uyushmagan yoshlari o‘rtasida sportning mini-futbol turi bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.

Murosasiz va keskin kurashlar ostida o‘tgan bellashuvda “Prokuror kubogi” “Mustaqillik” MFY uyushmagan yoshlari jamoasiga nasib etdi. “Yassikechuv” hamda “Ilonli” mahallasi yoshlari mos ravishda 2- va 3-o‘rinlarni egalladi.
G‘olib va sovrindor jamoalarga tashkilotchining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
* * *
Jizzax viloyat matabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Feruza Soliyeva Sharof Rashidov tumani fuqarolari uchun sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabulda kelib tushgan murojaatlar asosan, bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga joylashtirish, bolalar uchun to‘lanadigan oylik badallar miqdori, MTTlardagi oziq-ovqat ta’minoti, MTTlarga ishga joylashtirish, o‘z uylarida “uy bog‘chalari” tashkil etish, mahallaga yangi MTT qurib berilishi kabi masalalarda bo‘ldi.
Ko‘tarilgan masalalarning 60 foizi joyida hal etilgan bo‘lsa, 15 foiziga huquqiy maslahatlar berildi. Qolgan murojaatlar o‘rganilishi vaqt, amalga oshirilishi mablag‘ talab qilganligi sabab, ularning ijrosi yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
* * *
Yangiobod tumani xalq ta’limi bo‘limi tashabbusi bilan tuman Axborot-kutubxona markazi tomonidan hududdagi barcha maktab kutubxonachilari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminarda kutubxonachilarga aholi va yoshlar orasida kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish bo‘yicha taklif va fikrlar bildirildi.
Tadbirda axborot-kutubxona markazi direktori F.Rahimov kutubxona va kutubxonachi faoliyati, asosiy vazifalari haqida atroflicha tushunchalar berdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA