Jizzax viloyati IIB xabarlari
Do‘stlik tuman ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i general-mayor G‘ayrat Qodirov ishtirok etdi. Yig‘ilish tahliliy va tanqidiy ruhda bo‘ldi.
Ichki ishlar idoralari xodimlari aholi tinchligini saqlash, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarni oldini olish va ko‘plab belgilangan vazifalarni bajarish yo‘lida astoydil xizmat qilmoqda. Har kuni turli qonun buzarlik holatlari aniqlanib, ularning oldini olishga erishilmoqda. Shu bois, tuman ichki ishlar idoralari xodimlari bu borada bir qator ijobiy natijalarni ko‘rsatayotgani quvonarli.
Yig‘ilishda o‘tgan 6 oy davomida tumanda amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama etildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar alohida ko‘rsatib o‘tildi, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
***
Jizzax shahrida “Nexia” rusumli avtomobilning davlat raqam belgisini o‘zboshimchalik bilan yechib olib boshqargan haydovchiga nisbatan chora ko‘rildi.
O‘zbekiston Respublikasi MJtK 125-moddasi beshinchi qismiga ko‘ra, davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan shaxsan o‘zi yechib olib yurgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

***
Prezidenti raisligida joriy yil 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat idoralari mas’ullariga yoshlarni biriktirish tashabbusi ko‘tarilgan edi.
Shunga asosan, Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirovga 55 nafar yoshlar biriktirilgan. Ayni paytda 3-sektor rahbari tomonidan ularning muammolarini hal etish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, Jizzax shahrining “Ittifoq” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Maqsud Murodullayevning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi va fuqarolik pasporti, ya’ni ID kartasi, shahardagi “Tinchlik” MFYda yashovchi Doston Botirovning esa turar joy kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berildi.

***
Mirzacho‘l tumanida jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillarni o‘rganish hamda bartaraf etish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda yig‘ilish ishtirokchilarining fikr-mulohazalari tinglanib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasidagi faoliyati tahlil qilindi hamda jinoyatlar profilaktikasi bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, tadbirda payshanba “Profilaktika kuni” munosabati bilan mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish va ularning oqibatlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilishi muhokama etildi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA