Jizzax turizm doirasi kengaymoqda
Yurtimizga tashrif buyurgan Bahrayn davlatining yetakchi jurnalistlari, blogerlari va influyenserlaridan iborat delegatsiya uchun Jizzax viloyatiga info-tur tashkil etildi.
Xorijiy mehmonlar Zomin tumanining diqqatga sazovor joylari, “Milliy tabiat bog‘i”, “Suffa 2400” platosidagi turizm maskanlari bilan birga viloyatimizning boy madaniy merosi, urf-odatlari, gastronomiyasi va betakror tabiati bilan yaqindan tanishdilar.

Info-tur doirasida xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan viloyatimiz turizmning jozibadorligi haqidagi 50 dan ortiq foto, video va maqolalar Bahraynning “Al-Wasat”, “Akhbar Al Khaleej Daily Newspaper”, “Al-Ayam”, “Axbor al-Xalij”, “Alayam News” kabi nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlardan joy oldi.

Ushbu tashrif Jizzax viloyatining xalqaro miqyosdagi ijobiy imijini mustahkamlash, turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish hamda Bahrayn Podshohligidan sayyohlar oqimining oshishiga xizmat qiladi.

Ayni paytda Jizzax turizmi jadal rivojlanmoqda, uning tabiiy go‘zalligi va madaniy boyliklari xorijlik sayyohlarning e’tiborini tortmoqda. Bu esa nafaqat mintaqamiz iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, balki O‘zbekistonning xalqaro arenadagi nufuzini yanada oshiradi. Mazkur sa’y-harakatlar turizm sohasidagi hamkorlik va investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun ham muhim bosqichdir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA