Jizzax tajribasining samarasi e’tirof etildi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida bo‘lib, mahallalarda xotin-qizlar bilan ishlashning samarali mexanizmi sifatida joriy etilgan 17 lik tizimi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif doirasida “Chinobod” mahallasida mazkur tizimning amaliy natijalari o‘rganildi. Unda xotin-qizlarning ijtimoiy ahvolini tizimli tahlil qilish, ularning muammolarini manzilli hal etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni aniqlash hamda har bir ayol bilan individual tartibda ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida Jizzax tajribasi asosida yo‘lga qo‘yilgan mazkur yondashuv o‘zining amaliy samarasi bilan respublika miqyosida ilg‘or tajribalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Tizim mahallalardagi holatni chuqur tahlil qilish, ehtiyojmand xotin-qizlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash imkonini berayotgani bilan ahamiyatlidir.

Tashrif chog‘ida mahalla xotin-qizlar faollari ishtirokida ochiq muloqot ham tashkil etildi. Unda sohada uchrayotgan dolzarb masalalar, joylardagi ehtiyojlar, amaliy takliflar hamda mavjud muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, mahallalarda xotin-qizlar balansini shakllantirish, ularni toifalar kesimida tahlil qilish va manzilli qo‘llab-quvvatlash samaradorligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi. Faollarning taklif va mulohazalari tinglanib, tizimni takomillashtirishga qaratilgan tegishli tavsiyalar berildi.

Ta’kidlanganidek, Jizzax tajribasi har bir xonadon va har bir ayol bilan manzilli ishlash, muammolarni erta bosqichda aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etishda muhim o‘rin tutmoqda. Bu yondashuv mahalla tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, aholi bilan yaqin muloqotni ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Mazkur amaliyot Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan inson qadrini ulug‘lash, mahalla institutini yanada takomillashtirish va aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning hayotdagi amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri