Jizzax qovunlari Xitoy bozorida
Joriy yil sentabr oyida "BMB Holding" kompaniyasi tarkibidagi korxonalarda yetishtirilgan yuqori sifatli qovunlarning yangi partiyasi Xitoy bozoriga jo‘natildi.
Gap faqat qovun yetishtirish haqida emas. Gap uni xaridorga qanday holda yetkazish haqida ham bormoqda.
Xitoyga jo‘natilgan partiyani tayyorlash ishlari “BMB-NRC Agrologistics” majmuasida tashkil etildi. Bu yerda yangi uzilgan qovunlar qabul qilinib, dastlabki saralashdan o‘tkazildi. E’tiborli jihati, mahsulotning tashqi ko‘rinishi bilan cheklanib qolinmay, ichki holati ham tekshirildi. Zarur namunalar olinib, qovunning yetilish darajasi, sifati va uzoq masofaga tashishga yaroqliligi baholandi.

Aslida, tashqi bozorda raqobat shu yerdan boshlanadi. Daladan chiqqan mahsulotning tashqi ko‘rinishi qanchalik jozibador bo‘lmasin, uning ichki sifati kafolatlanmasa, eksportda barqaror natijaga erishish qiyin. Shu bois saralash va sifat nazoratini eksport zanjirining ikkinchi darajali emas, balki asosiy bo‘g‘ini sifatida qarash talab etiladi.

Xitoy bozoriga qovun yetkazib berishda mavjud imkoniyatlar bilan bir qatorda mahsulotning importchi davlat talablariga mosligi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu ma’noda, “BMB Holding” korxonalarida zarur Xitoy sertifikatlarining mavjudligi eksportni bir martalik jo‘natma darajasida qoldirmay, uni muntazam yo‘lga qo‘yish uchun muhim zamin yaratadi.

Zero, tashqi bozorda bir marta paydo bo‘lishdan ko‘ra, unda o‘z o‘rnini saqlab qolish murakkabroq. Buning uchun mahsulot sifati har bir partiyada barqaror bo‘lishi, yetkazib berish muddatlari bajarilishi, logistika puxta tashkil etilishi va xaridor talabi doimiy o‘rganilishi kerak. Ayniqsa, Xitoy singari yirik bozorda bu talablar yanada muhim.

“BMB-NRC Agrologistics” majmuasida mahsulotni qabul qilish, sifatini baholash, saralash va jo‘natish jarayonlarining bir tizimga keltirilgani ana shu vazifalarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Yetishtirish va eksport o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik ta’minlangani sayin, mavsumiy mahsulotni tashqi bozorga chiqarishdagi tavakkalchilik ham kamayadi.

Endi e’tiborni faqat eksport hajmiga emas, uning barqarorligiga qaratish muhim. Xitoyga yo‘l olgan ushbu qovun partiyasi ana shu maqsad sari qo‘yilgan navbatdagi qadamdir.

Dalada yetishtirilgan qovunning minglab kilometr uzoqlikdagi xaridor dasturxoniga yetib borishi – fermer mehnati, zamonaviy logistika va sifat nazorati bir nuqtada tutashganini anglatadi. Agar bu tizim izchil davom ettirilsa, bugun Xitoyga yo‘l olgan qovun ertaga O‘zbekistonning poliz mahsulotlari uchun yangi eksport yo‘laklarini ochishi mumkin.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari