Jinoyatchilikning oldini olishda muhim hamkorlik
Navoiy viloyatidagi barcha mahallalarni kriminogen vaziyatidan kelib chiqqan holda “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratib, profilaktik tadbirlarni tashkil etish maqsadida Navoiy viloyat prokuraturasi, Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Davlat soliq hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalarining hamkorlikda ishlab chiqilgan qo‘shma qarori asosida Navoiy shahar IIB HPB profilaktika inspektorlari uchun o‘quv seminari tarzida kundalik yo‘riqnoma o‘tkazildi.
Navoiy shahar IIB HPB profilaktika inspektorlari, Milliy gvardiya Navoiy viloyati boshqarmasi harbiy xizmatchilari va xodimlari, Soliq idora vakillari, shuningdek, profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilaridan iborat guruhlar shakllantirilib, ular oldidagi bir qator vazifalar belgilandi.

– Viloyat hududida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida birgina Navoiy shahar hududidagi 10 ta “qizil” toifadagi mahallalarda xonadonlar, korxona-tashkilot va muassasalar ob’ektlari, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ro‘yxatlari asosida kunlik qo‘riqlash pultiga ulanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi viloyat IIB matbuot xizmati rahbari O‘ktam Usmonov.

– Mahallalarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda manzilli ishlash bo‘yicha kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, jinoyatlarning sodir etilishiga ta’sir qilayotgan omillarni aniqlash, mavjud kuch va vositalarni samarali taqsimlash, hududlar kesimida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida sifat jihatdan yangi innovatsion raqamli texnologiyalar imkoniyatidan keng foydalanish lozimligi har bir xodimga yetkazildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy shahar hududida 639 ta xonadon va 1724 ta ob’ekt ishonchli qo‘riqlab kelinmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA