Jinoyatchilikning oldini olish eng muhim vazifa
Buxoro shahrida joriy yilning o‘tgan davrida jinoyatlar soni ko‘paygan.
Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirovning shahar aholisiga yo‘llagan murojaatida ta’kidlanishicha, og‘ir turdagi jinoyatlar 170 taga yoki 54,3 foizga, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar 104 taga yoki 50 foizga, kam ahamiyatli jinoyatlar 153 taga yoki 38,8 foizga ko‘paygan. Faqatgina bosqinchilik, avtomashina olib qochish jinoyatlari sodir etilmagan.

Qayd qilingan jami 1 ming 361 ta jinoyatlarning 409 tasi ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar shaxsiy tashabbusi bilan aniqlangan. Barcha sohalarda qayd etilgan jinoyatlarga ichki ishlar organlari, IJQK Departamenti, prokuratura, DXX va Bojxona qo‘mitasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Shahardagi yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 121 taga yoki 45,8 foizga oshgani achinarlidir. Yoshlar tomonidan sodir etilgan 385 ta jinoyatlar umumiy jinoyatlarning 28,3 foizini tashkil qiladi.

Sodir etilgan 385 ta jinoyatlarning 89 tasi firibgarlik jinoyati, 2 tasi o‘lim bilan tugagan YTX, 21 tasi tan jarohati bilan tugagan YTX, 28 tasi bezorilik, 6 tasi tijoratda pora evaziga og‘dirib olish, 5 tasi qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, 9 tasi qasddan badanga o‘rtacha shikast yetkazish, 34 tasi qasddan badanga yengil shikast yetkazish, 92 tasi o‘g‘irlik, 10 tasi poraxo‘rlik, 2 tasi chet elga chiqish qoidalarini buzish, 2 tasi qo‘shmachilik, 54 tasi boshqa turdagi jinoyatlarni tashkil qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA