Jinoyatchilikka qarshi qanday kurashyapmiz?!
So‘nggi yillarda huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amalga oshirilgan islohotlar tufayli bir qator salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan, barcha davlat organlariga huquqbuzarliklar yuzasidan elektron murojaat shaklida xabar berish imkoniyati yaratildi, soliq, yo‘l harakati xavfsizligi, ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar yuzasidan elektron shaklda xabar berish tartibi joriy etildi.
Bundan tashqari, korrupsiya, soliq, byudjet, yo‘l harakati xavfsizligi, litsenziya, ekologiya hamda moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar yuzasidan xabar berganlik uchun rag‘batlantirish choralari belgilandi.
Qolaversa, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi uchun “Xavfsiz hudud” mobil ilovasi ishlab chiqilishi tufayli endilikda yaqin hududlarda joylashgan ichki ishlar tayanch punktlari yoki boshqa tezkor xizmatlar bilan shoshilinch aloqa o‘rnatish uchun “SOS” tugmasidan foydalanish, shahar IIBlariga murojaatlarni yuborish hamda IIB xodimining ishini baholash mumkin.
Afsuski, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish sohasida bir qator islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, jamiyatda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni yildan-yilga oshib borayotgani, bu sohada hanuzgacha muammolar yechimini kutayotganidan dalolat bermoqda.
Misol uchun, 2020 yilda 62 081 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2021 yilda 111 082 taни tashkil etgan. Ma’muriy huquqbuzarliklar soni ham oshgan. Xususan, 2021 yilning birinchi yarmida sudlarda 233 419 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2022 yilning birinchi yarmida 296 444 tani tashkil etgan.
Ayniqsa, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar soni ham o‘tgan yilga nisbatan sezilarli ravishda ko‘paygani har birimizni tashvishga solishi tayin.
Jumladan, 2021 yilning birinchi yarmida jinoyat sodir etganligi uchun jazo tayinlangan voyaga yetmagan shaxslar soni 460 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning dastlabki olti oyi mobaynida bu ko‘rsatkich 971 nafarga yetgan, ya’ni bir yil ichida voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilik qariyb 2,3 baravarga oshgan.
ACHINARLI HOLATLARGA NIMA SABAB BO‘LMOQDA?
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan tahlillar asosida ma’lum bo‘ldiki, ushbu sohada hamon tizimli muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Avvalo, ҳuқuқbuзарликлар yuzasidan qulay tarzda xabar berish imkoniyati yaratilmagan. Huquqbuzarlik murojaat shaklida xabar berilishi sababli fuqaro o‘z xabarini qonunchilikda murojaatga qo‘yilgan talablarga mos ravishda yuborishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa xabarni tez va qulay tarzda yuborishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda hamda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kech xabar qilinishiga yoki umuman xabar qilinmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Keyingi muammo, bu – yuz berayotgan huquqbuzarlik yuzasidan ichki ishlar organlariga onlayn tarzda, zudlik bilan xabar berish tartibining mavjud emasligidir.
bugungi kunda shaxslar huquqbuzarlik to‘g‘risida ichki ishlar organlariga ishonch telefoni hamda rasmiy veb-sayt orqali xabar berishi mumkin. Biroq, xabarlar murojaat shaklida rasmiylashtirishni talab etadi. Bundan tashqari, ushbu shaklda xabar berish ichki ishlar organlariga huquqbuzarlikka aloqador faktlarni darhol taqdim etish, shu jumladan, huquqbuzarlik yuz bergan joyni tez aniqlash, huquqbuzarlik bilan bog‘liq dalillarni jo‘natish imkonini bermaydi.
Bu esa huquqbuzarlikni o‘z vaqtida bartaraf etish, uning oqibatlarini kamaytirish yuzasidan ichki ishlar organlarining zudlik bilan chora ko‘rishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xorijiy davlatlar bu borada nisbatan samaraliroq tizim yarata olishgan. Misol uchun, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, Gonkong, Janubiy Koreya, Italiya, Ispaniya, Finlyandiya va Litvada huquqbuzarliklar, shu jumladan, jamoat tartibini buzuvchi yoki unga xavf soluvchi holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organning rasmiy veb-sayti (yoki portali) orqali onlayn xabar berish yo‘lga qo‘yilgan.
Janubiy Koreyaда jamoat tartibini buzuvchi huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berishga mo‘ljallangan “Safety e-Report” veb-portali va uning mobil ilovasi tashkil etilgan bo‘lib, ushbu tizimni saqlab turish uchun har yili atigi 0.5 million AQSH dollari sarflanadi.
Portal orqali Janubiy Koreyadagi barcha shaxslar jamiyatda yuz berayotgan huquqbuzarliklar, shu jumladan, yong‘in, turar-joy binolari yoki boshqa turdagi binolarga yoki yo‘llarga zarar yetkazish, mehnat xavfsizligining yetarli ta’minlanmaganligi, atrof-muhitni ifloslantirish, yo‘l harakati qoidalarini buzishga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z vaqtida va qulay usulda xabar berishlari mumkin.
Huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar berish uchun huquqbuzarlik sodir etilganligini tasdiqlovchi foto yoki video fayl ixtiyoriy ravishda portalga yuklanadi hamda huquqbuzarlik sodir etilgan joy portal xaritasida ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng xabar mazmuni bayon etiladi va shaxsiy telefon raqam kiritiladi. Xabar oqibatini aniqlash bo‘yicha xabar beruvchi o‘z shaxsiy kodini kiritadi.
Shuningdek, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, Singapur, Ispaniya, Rossiya va Qozog‘istonda huquqbuzarliklar yuzasidan xabar berish imkoni mavjud bo‘lgan mobil ilovalar ishlab chiqilgan. Mazkur ilovalar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning huquqbuzarlikka oid dalillarni to‘plash bilan bog‘liq faoliyatini ancha yengillashtirmoqda.
Jumladan, Singapurнинг Politsiya kuchlari tomonidan ishlab chiqilgan Police@SG mobil ilovasida I-Witness tizimi mavjud bo‘lib, u fuqarolarni o‘zlari guvoh bo‘lgan huquqbuzarliklar yuzasidan politsiyani xabardor qilish imkonini beradi. Bunda fuqaro xabarni rasmiylashtirish uchun o‘zining ismi, telefon raqami va elektron pochtasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi talab etiladi. Huquqbuzarlikka aloqador dalillarni rasm yoki video shaklda yuborish mumkin.
Ispaniya Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Alertcops” mobil ilovasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu ilova barcha yoshdagi shaxslar uchun mo‘ljallangan. Ushbu ilovaning foydalanuvchilari ro‘yxatdan o‘tish uchun ID raqami va pasport cyeriyasi kabi shaxsga doir ma’lumotlarni taqdim etishi talab etilmaydi.
Mobil ilovada “SOS” tugmasi mavjud bo‘lib, u xotin-qizlar hamda tibbiyot xodimlari xavfsizligini ta’minlashga mo‘ljallangan. “SOS” tugmasi 5 marotaba bosilgandan keyin ilova foydalanuvchisi turgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda hodisa bo‘yicha 10 soniyalik audioyozuv avtomatik ravishda yaqin oradagi politsiya bo‘limiga yuboriladi. “SOS” tugmasi telefon qurilmasining ishchi oynasiga joylashtirilganligi sababli, uni bosish uchun ilovaga kirish talab etilmaydi.
XABAR BERISH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH ZARUR
Bizningcha, ilg‘or xorijiy tajriba va so‘nggi axborot texnologiyalari dasturlari va mahsulotlari asosida milliy huquqbuzarliklar yuzasidan xabar berish tizimini takomillashtirish zarur. Bunda quyidagi imkoniyatlarga ega zamonaviy axborot tizimini yaratish maqsadga muvofiq:
– sodir etilgan yoki sodir etilayotgan huquqbuzarliklar yuzasidan istalgan vaqtda masofadan turib ichki ishlar organlariga xabar berish;
– xabar berish uchun telefon raqamiga oid ma’lumotlarni taqdim etish;
– sodir etilgan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (jumladan, huquqbuzarlik yuz bergan hudud lokatsiyasi, huquqbuzarlik yuz berganligini isbotlaydigan foto, audio va video materiallar) taqdim etish;
– xabar berilgan huquqbuzarlik bo‘yicha mas’ul organlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar holatini monitoring qilish.
Bundan tashqari, huquqbuzarliklar yuzasidan xabar berishga mo‘ljallangan axborot tizimlarining ommalashuvini ta’minlash maqsadida aholi orasida axborot tizimlarining afzalliklarini keng targ‘ibot qilish darkor.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berish fuqarolarning qonunlarda belgilab qo‘yilgan burchi bo‘lsada, bu sohada davlat tomonidan maqbul imkoniyatlar yaratilmas ekan, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda uning profilaktikasida jamoatchilikning ishtiroki sustligicha qolaveradi.
Shuhrat Mirzayev,
Zafar Ergashev
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot institutining
mas’ul xodimlari