JICA bitiruvchisi Yaponiya tajribasini yurtimizda joriy etmoqda
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lumotiga ko‘ra, JICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Bitiruvchilar assotsiatsiyasi vakillari JICA o‘quv dasturi bitiruvchisi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bo‘lim bosh mutaxassisi Abdullaxon Shukurov faoliyati bilan tanishgan.
Abdullaxon Shukurov Yaponiyada o‘tkazilgan “Kichik fermer xo‘jaliklari hayot darajasini yaxshilash uchun sabzavotchilik texnologiyalari” mavzusidagi 8 oylik o‘quv dasturida ishtirok etgan.
Ma’lum qilinishicha, u hozirda Toshkent viloyati Piskent tumanida tomchilatib sug‘orish tizimi, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda sabzavot va mevalarni himoyalangan sharoitda yetishtirishning zamonaviy usullarini joriy etmoqda.
Shuningdek, Abdullaxon Shukurov yaponcha qulupnay yetishtirish texnologiyalarini o‘zlashtirib, ishlab chiqarishga yangi yondashuvlarni tatbiq etgani va bu agro-turizm yo‘nalishini rivojlantirishda munosib hissa ekani ta’kidlandi.
G.Boboyeva, O‘zA