Javohir Sindorov: "Yoshligimdan amaliy mashg‘ulotlarga jiddiy e’tibor qaraganimda allaqachon jahon chempioni bo‘lardim"
2022-yili Hindistonda o‘tgan Butunjahon shaxmat olimpiadasi oltin medali, 2025-yilgi Jahon kubogi sohibi Javohir Sindorov joriy yilning 23-noyabr-16-dekabr kunlari o‘tadigan Jahon shaxmat toji uchun kechadigan musobaqaga tayyorgarlik holati, Nomzodlar turnirida natijalar, murabbiyi Roman Vidonyak bilan olib borayotgan mashg‘ulot jarayonlari to‘g‘risida jurnalistlar bilan kechgan suhbatda quyidagi fikrlarni bildirdi.
– O‘tgan yili men murabbiyim bilan juda ko‘p ishladim. 80-90 kun davomida kuniga 10 soatlab mashg‘ulot o‘tkazdik. Bu o‘z navbatida, Nomzodlar musobaqasida bizga g‘alaba keltirdi, deya ta’kidladi.
Shuningdek, hamyurtimiz kompyuterlar yordamidagi mashg‘ulotlardan ko‘ra, jismoniy shaxmat taxtasida pozitsiyalarni tahlil qilishni afzal ko‘rishini, bu dunyoning eng kuchli grossmeysterlardan ilhomlangan yondashuv ekanini aytib o‘tdi.
O‘zining shaxmat musobaqalaridagi dastlabki yillarini xotirlagan Sindorov ko‘plab kuchli yosh o‘yinchilar kabi doimiy tarzda intensiv mashg‘ulot o‘tkazmaganini, agarda mashg‘ulotlarga fidoyilik bilan yondashganida ko‘nikmalar unga yanada katta muvaffaqiyatlar keltirishi mumkinligini yodga oldi.
– Agar yoshligimda ko‘p mashq qilganimda, allaqachon jahon chempioni bo‘lardim, deb o‘ylayman. Men hech qachon ko‘p mashq qilmaganman, haftasiga 15 soat bo‘lishi mumkin. Bu grossmeyster darajasi emas edi o‘sha paytlar, – deya xotirlaydi Javohir.
Shunga qaramay, u yoshligidan o‘z iste’dodi tufayli yuksalishga erishgani natijalarda o‘z aksini topgan. J.Sindorov atigi 9 yoshida shaxmat bo‘yicha nomzod usta unvonini qo‘lga kiritishga erishgan. 12 yoshu 10 oyligida grossmeyster talabini bajargan Javohir 2026-yilgi Nomzodlar turnirida g‘olib chiqdi va hozirda 2777 ochko bilan FIDE reytingida 4-o‘rinda bormoqda.
Jurnalistlarning savollariga javob berish davomida iste’dodli shaxmatchimiz Jahon shaxmat toji uchun kechadigan kurashning ahamiyati, raqibi Gukesh Dommaradjuning o‘ziga xos jihatlari, xarakteriga xos xislatlari haqida to‘xtalib, musobaqaga tayyorgarlik belgilangan reja asosida davom etayotganini qayd etdi.
T.Ro‘ziyev yozib oldi, O‘zA