Javlon Vahobov: Markaziy Osiyoning asosiy vazifasi – iqtisodiy aloqa va transport yo‘nalishlarini takomillashtirish
Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov Amerika tashqi siyosat kengashida tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etdi. Tadbir Yevrosiyodagi o‘zgarib borayotgan geosiyosiy vaziyat sharoitida mintaqamiz davlatlarining ko‘p qirrali tashqi siyosati ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlandi.
Anjumanda Markaziy Osiyo masalalariga ixtisoslashgan yetakchi mahalliy tahlil markazlari va ilmiy doiralari vakillari, ekspertlar hamda tadqiqotchilar ham to‘plandi.
Ishtirokchilar davlatlarimizning asosiy tashqi hamkorlar bilan sherikligi ko‘lamini kengaytirish, transport zanjirini mustahkamlash, energetika xavfsizligi, muhim mineral resurslar hamda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish mavzularini muhokama qildilar.
J.Vahobov Markaziy Osiyo tobora ko‘proq geografik cheklov nuqtai nazaridan emas, balki Rossiya, Xitoy, Yevropa, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasidagi joylashuvini strategik moslashuvchanlik manbaiga aylantirishga intilayotgan mintaqa sifatida qabul qilinayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa uchun asosiy vazifa iqtisodiy aloqa, transport yo‘laklari, energetika yo‘nalishlari va xalqaro hamkorlikni takomillashtirishdan iborat.
Ayni jarayon allaqachon amaliy mazmun kasb etayotgani qayd etildi. Markaziy Osiyo aholisi 80 million kishidan oshgan. 2017-yildan buyon mintaqa doirasidagi savdo miqdori ikki barobar ortib, qariyb $11 milliardga yetgan, umumiy yalpi ichki mahsulot 2,5-marta o‘sib, taxminan 520 milliard dollarni tashkil etgan. MOXI rahbari mazkur raqamlar mintaqaning iqtisodiy mustaqilligi ortib borayotganini ko‘rsatishiga e’tibor qaratib, yanada muvofiqlashtirilgan mintaqaviy kun tartibini ilgari surishga intilish kuchayib borayotganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Amerika tashqi siyosat kengashi katta vitse-prezidenti Ilan Berman ushbu jarayon AQSH uchun S5+1 doirasida siyosiy manzaradan amaliy natija bosqichiga o‘tish imkoniyati ekanligini e’tirof etdi. Munozara chog‘ida transport va logistika, energetika, yadroviy xavfsizlik, muhim mineral resurslar, raqamli infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
G‘.Xonnazarov tayyorladi. O‘zA