Janubiy Koreyaning sobiq prezidentiga yana 30 yillik qamoq jazosi tayinlandi
Yun Sok Yol Janubiy Koreyadagi dronlar bilan bog‘liq ish bo‘yicha 30 yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar qildi DW nashri.
Seul markaziy tuman sudi 12-iyun kuni chiqqan hukmga ko‘ra, 65 yoshli sobiq prezident dushman tomonga yordam berish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Yun Sok Yol 2024-yil oktabr oyida jangovar dronlarni Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyan havo hududiga yuborishga ko‘rsatma bergan. Prokuraturaning ta’kidlashicha, bu harakat mamlakatda harbiy holat joriy etish uchun bahona yaratish maqsadida amalga oshirilgan.
Sobiq prezident esa bu ayblovlarni rad etmoqda. Yun Sok Yol 2024-yil dekabr oyida mamlakatda harbiy holat joriy etishga uringan edi. Biroq parlament qarshiligi tufayli bu reja amalga oshmay qolgan. Ushbu voqealardan so‘ng u prezidentlik lavozimidan chetlatildi va bu holat Janubiy Koreya jamiyatida jiddiy siyosiy bo‘linishlarga sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil fevral oyida Seul markaziy tuman sudi uni hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilish va isyonga undash ayblovlari bilan umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan edi.
<iframe width="337" height="599" src="https://www.youtube.com/embed/edcC09ZBR6k" title="Janubiy Koreyaning sobiq prezidentiga yana 30 yillik qamoq jazosi tayinlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA