Janubiy Koreya va Hindiston: Seulda nimalar muhokama qilinadi?
Seulda bo‘lib o‘tadigan muzokarada Janubiy Koreya va Hindiston tashqi ishlar vazirlari strategik sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbolini ko‘rib chiqadi.
Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Cho Xyon va uning hindistonlik hamkasbi Subramanyam Jayshankar shu hafta Seulda uchrashib, iqtisodiyot, mudofaa, sun’iy intellekt va boshqa muhim sohalardagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalalarini muhokama qiladi. Bu haqda “Yonhap” agentligi xabar bermoqda.
Chorshanba kuni bo‘lib o‘tadigan muloqotda tomonlar joriy yil aprel oyida Prezident Li Chje Myonning Hindistonga uyushtirgan davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar, xususan kemasozlik, moliya va mudofaa sohalaridagi loyihalar ijrosini ko‘rib chiqadi. Shuningdek, Koreya yarim oroli va Yaqin Sharqdagi vaziyat hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi.
Tashrif doirasida Hindiston tashqi ishlar vaziri payshanba kuni Cheju forumida ham ishtirok etadi. Ikki davlat rahbarlarining Nyu-Dehlidagi uchrashuvidan so‘ng hamkorlikni tezlashtirish uchun maxsus ishchi guruhlar tashkil etilgan. Bundan tashqari shu hafta Hindistonda koreys kompaniyalari bilan aloqani mustahkamlash maqsadida “Koreya biznes haftaligi” o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Vazirlar Cho Xyon va Jayshankar oxirgi marta shu yil mart oyida Fransiyada o‘tgan “Katta yettilik” uchrashuvi doirasida muzokara o‘tkazishgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA