Janubiy Koreya sarmoyasi 7,5 milliard dollardan oshgan
O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabati ko‘p yillik tarixiy-madaniy yaqinlik, o‘zaro hurmat va do‘stona aloqalarga asoslangan. Ikki xalqning ayrim madaniy qadriyat, an’ana va ijtimoiy-mental xususiyatidagi mushtarak jihatlar aloqalar rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi koreys diasporasi vakillarining mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotiga faol integratsiyalashuvi o‘zaro do‘stlik rishtasi mustahkamlanishida muhim omildir.
Geografik masofa nisbatan uzoqligiga qaramay, O‘zbekiston va Janubiy Koreya ilmiy-texnikaviy hamkorligi izchil rivojlanmoqda. Ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy texnologiya sohasidagi ilg‘or tajribani o‘zaro almashish, shuningdek global va mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar bo‘yicha qarash yaqinligi strategik hamkorlik yanada chuqurlashishi uchun muhim zamin yaratgan.
– So‘nggi yillarda ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlik izchil kengayib borayotgani quvonarli hol, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti katta o‘qituvchisi Shohruh Mardonov. – Bugungi kunda O‘zbekistonda Koreya Respublikasi yetakchi oliy ta’lim muassasalariga tegishli 4 filial faoliyat yuritayotgani ta’lim aloqalari rivoji darajasini ko‘rsatadi. Janubiy Koreyada 11 000 dan ziyod o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgani inson kapitalini rivojlantirish, akademik mobillik va bilim almashinuvi ko‘lami kengayib borayotganidan dalolat.

Yana bir muhim jihat: O‘zbekiston va Janubiy Koreya iqtisodiy hamkorligi ham sezilarli darajada kuchaydi. Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga “yashil” energetika, raqamli texnologiya, mashinasozlik, kimyo sanoati, elektrotexnika, to‘qimachilik, infratuzilmani rivojlantirish, shaharsozlik va boshqa yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirilgan sohalar kiradi. Ushbu yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirish iqtisodiyotimiz texnologik modernizatsiyasini jadallashtirish uchun yaxshi imkon yaratmoqda.
Shohruh Mardonovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida ham Janubiy Koreya bilan savdo-iqtisodiy va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik yangi mexanizmi shakllanmoqda. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma qo‘mita 12-marta yig‘ilish o‘tkazgani ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqani institutsional jihatdan rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Janubiy Koreya kapitalining O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ishtiroki yil sayin kengaymoqda. Mamlakatimizda Koreya kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan 726 korxonaning 46 tasi joriy yil yanvar-aprel oylarida tashkil etilgan. Koreya Respublikasidan O‘zbekistonga jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya 7,5 milliard dollardan oshgani ham sarmoyaviy hamkorlikning yuqori salohiyatini namoyon etadi. Ayni vaqt 40 sarmoyaviy loyiha amalga oshirilayotgani sheriklikning amaliy ko‘lamini yanada kengaytirmoqda. 2025-yil yakuni bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 1,78 milliard dollarni tashkil qildi.
Janubiy Koreya yetakchi kompaniyalari bilan texnologik va investitsiyaviy hamkorlik rivojlantirilishi iqtisodiyotimizning alohida tarmoqlariga zamonaviy texnologiya joriy etish imkoniyatini oshirmoqda. Jumladan, O‘zbekiston – Janubiy Koreya o‘quv-amaliy to‘qimachilik parki, Noyob metallar va qotishmalar ilmiy-texnologik markazi, Qishloq xo‘jaligi texnikasi konstruktorlik-texnologiya markazi hamda “Elektron hukumat” sohasidagi O‘zbekiston – Janubiy Koreya markazi kabi loyihalar texnologik va institutsional hamkorlikning amaliy natijasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Savdo aloqalarini kengaytirish doirasida O‘zbekistondan Janubiy Koreya bozoriga 50 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti uchun fitosanitar ruxsatnoma olingan. jarayonni yanada faollashtirish maqsadida Seul shahrida O‘zbekiston – Janubiy Koreya savdo uyi tashkil etilishi ham muhim amaliy qadamdir. Mazkur tuzilma O‘zbekiston tovar va xizmatlarini Koreya bozorida ilgari surish, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida bevosita biznes aloqalarini rivojlantirish va yangi savdo hamkorlari jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabati siyosiy-diplomatik aloqalardan tashqari ta’lim, ilm-fan, innovatsiya, sarmoya, savdo, texnologiya, madaniyat va turizm kabi ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab olgan strategik sheriklik tizimiga aylanmoqda. Mazkur hamkorlik kengayishi O‘zbekiston uchun zamonaviy texnologiya va sarmoya jalb etish, inson kapitalini rivojlantirish hamda iqtisodiyotning yuqori qo‘shilgan qiymatli tarmog‘ini shakllantirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA