Janubda ipak qurti boqishga kirishildi
Surxondaryo viloyatida joriy yil hosili uchun ipak qurti parvarishi boshlandi.
Viloyatning Muzrabot tumanida pillakorlarga ipak qurti tarqatilib, uni har bir yoshi uchun talab etiladigan agrotexnika qoidalari asosida sifatli parvarishlash yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Tuman hokimi Abdulla Mamatqulov hududlarda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Ipak qurtlarini tarqatish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Mamlakatimizda ipak qurti parvarishlash shartnoma asosida aholining mavsumiy bandligini ta’minlab, ularning qo‘shimcha daromad manbaini yaratish va sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo ishlab chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois keyingi yillarda sohaga alohida e’tibor qaratilib, tutzorlarni kengaytirish, agrotexnika tadbirlari samarali o‘tkazilishini rag‘batlantirish, innovatsion g‘oyalar, ilmiy ishlanmalar va ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish yuzasidan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Tuman rahbari muloqot chog‘ida ipak qurti boqish istagini bildirgan pillakorlarga yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Jumladan, ularga ipak qurti yetkazib berish, parvarishlash davrida qo‘shimcha imtiyozlar yaratish, zarur hollarda yog‘ va un mahsulotlari bilan ta’minlash xususida fikr almashdi. Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ijtimoiy reyestrda ro‘yxatda turgan oilalar ipak qurtini boqish davrida ularga qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar ajratilishi belgilangani ta’kidlandi. Fermer xo‘jaligi rahbarlari ipak qurti parvarishlashga jalb etgan pillakorlarga tut bargi yetkazib berishda amaliy yordam ko‘rsatishi, g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumida bepul bug‘doy bilan ta’minlashi yuzasidan tavsiyalar bildirildi.

Bu yil dastlabki mavsumda Muzrabot tumani pillakorlari 2 ming 754 quti ipak qurtini parvarishlab, 165 tonna sifatli xom ashyo yetishtirishni mo‘ljallamoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri