Jamoatchilik kengashi saylandi
“O‘zarxiv” agentligining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat boshqaruvi organlari, ho‘jalik yurituvchi sub’ektlar, davlat va nodavlat, notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4 martdagi “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi huzuridagi Arxiv ishi masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashining yangi tarkibini hamda O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi huzuridagi Arxiv ishi masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi nizomini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Mazkur farmonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga xissa qo‘shib kelayotgan nodavlat tashkilotlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohada huquqiy bazani yanada mustahkamlashga e’tibor qaratilgan.
Ma’lumki, Prezident farmoni bilan 2018 yilda davlat organlari huzuridagi Jamoatchilik kengashlarining faoliyatini tashkil etish va uning namunaviy nizomlari qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, har uch yilda davlat organi rahbarining taklifiga binoan Jamoatchilik kengashining tarkibi qayta ko‘rib chiqilib, tasdiqlanishi lozimligi bildirilgan. 4-martda qabul qilingan farmon esa, Jamoatchilik nazoratini tizimli tashkil etishda nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini yanada oshirdi.
Farmonga ko‘ra, 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish konsepsiyasi, konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari ko‘rsatildi.
Har bir davlat organi huzuridagi Jamoatchilik kengashlari tarkibiga nodavlat notijorat hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini kiritish belgilandi.
Endilikda davlat organlari huzuridagi Jamoatchilik kengashlarining ishchi organi sifatida davlat organining matbuot xizmati yoki jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi biriktirilmoqda.
Jamoatchilik nazoratini tashkil etish borasida “Shaffof xayriya” yagona interaktiv portalining tashkil etilishi, hududlarda “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ning barpo etilishi farmon bilan belgilab berildi.
Mazkur farmonning ijrosini ta’minlash hamda mazmun- mohiyatini keng aholiga tushuntirishda arxivchilar va nodavlat tashkilotlarining ham hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, “Yo‘l xaritasi” bo‘yicha mazkur farmon barcha davlat arxivlarida chuqur o‘rganib chiqildi, muhokama qilinib, jamoatchilik nazoratini tashkil etishga barcha imkoniyat yaratilmoqda. Fuqarolar bilan muloqotning yangi shakllari, uslublari ishlab chiqilmoqda.
Endigi navbat esa, tizimda Jamoatchilik kengashi faoliyatini yo‘lga qo‘yishdir. Jamoatchilik kengashining yangi tarkibi tasdiqlandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA