Jamoalar Registonda kuylamoqda
Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari 27-avgust kuni tanlov dasturi boʻyicha chiqishlarini boshladi.
Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari 27-avgust kuni tanlov dasturi boʻyicha chiqishlarini boshladi.
Peruning “Luz Katarine” jamoasi bu galgi festival tanlovida birinchi musiqiy dasturni namoyish etgan jamoa sifatida tarixda qoladigan boʻldi.
– Bundan yigirma yil oldin kitobda Samarqand haqida oʻqib, bu shaharga maftun boʻlib qolganman, – deydi Luz Katarine xonim. – Shundan buyon Samarqandga kelishni orzu qilardim. Mana “Sharq taronalari” festivali tufayli dunyoning eng qadimiy va goʻzal shahriga kelganimizdan juda xursandmiz. Tanlovda ham birinchi boʻlib chiqishimiz bizga oʻzgacha quvonch bagʻishlashi bilan birga katta masʼuliyat ham yukladi. Bu goʻzal maydonda qoʻshiq kuylashning gashti boshqacha ekan. Peru xalqining toʻrtta milliy, xalq qoʻshiqlarini tayyorlab kelgan edik. Tomoshabinlar katta qiziqish bilan tinglab, olqishlab turgani bizga dalda boʻldi.
Shundan soʻng, Koreyaning “Eulssu” folklor sanʼati jamoasi, Bangladeshning “Shilpakala akademi”, Afgʻonistonning “Haft goh” guruhi festivalga tayyorlab kelgan dasturlarini taqdim etdi.
– Shu paytgacha bizning mamlakatdan kelgan jamoalarning aksariyati “Sharq taronalari”da muvaffaqiyatli ishtirok etgan, – deydi Mun Sung Sook xonim. – Biz ham oʻzimizning qadimiy milliy qoʻshiqlarimizni tayyorlab kelganmiz. “Arirang”, “Miryang arirang”, “Xangkang sutan yong” va “Petnore” ashulalarimiz koreys xalqining madaniy merosi hisoblanadi.
Shuningdek, tanlovning dastlabki kunida Moʻgʻuliston, Portugaliya, Singapur, Turkmaniston, Ozarbayjon va Oʻzbekiston vakillari, Gollandiya, Iroq, Turkiya davlatlarining xalqaro “Mundis trio” jamoalari oʻz musiqiy dasturlarini tomoshabinlar va hakamlar eʼtiboriga havola qildi.
Festivalning boshqa ishtirokchilari esa Samarqand shahri va Toyloq tumanidagi madaniyat va istrohat bogʻlarida oʻz konsert dasturlarini namoyish etdi.
Xabar berganimizdek, bu yilgi festivalda dunyoning 75 davlatdan 340 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. 32 mamlakat musiqiy jamoalari, xonanda va sozandalari tanlovda oʻz musiqiy dasturlarini taqdim etadi.
Tanlov ishtirokchilarining chiqishlari bu yil ikki yoʻnalish – professional tarzdagi xalq musiqa va qoʻshiqlari hamda anʼanaviy yoʻlda ijod qilingan zamonaviy musiqa yoki qoʻshiq yoʻnalishlarida baholanadi. Ularni 11 nafar xalqaro hakamalar hayʼati baholab boradi. Hayʼat tarkibida Oʻzbekistondan taniqli bastakor, professor Oydin Abdullayeva ham bor.





