“Jamiyatda o‘z o‘rnimni topyapman”
Ijtimoiy himoya
So‘nggi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmat va yordamlar sifat bosqichiga olib chiqildi. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari ro‘yxati 18 tadan 30 taga, mablag‘i esa sezilarli darajada oshirildi. Joriy yilning 13 dekabr kuni Prezidentimiz rahbarligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, endi ro‘yxatga yana 7 turdagi vositalar qo‘shilishi belgilandi.

Bundan tashqari, hududlarda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun onlayn vaucher shakllantirish orqali fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga chek qo‘yildi. Masalan, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida yashovchi Nurvali Jumanov ayni paytda 32 yoshda. 2018 yilda xorijga ishlash maqsadida borib, qurilish ishlarida faoliyat yuritgan. Ehtiyotsizlik oqibatida yuqori qavatdan tushib ketgan va og‘ir tan jarohati olib yurtiga qaytgan. Unga I-guruh nogironligi belgilangan. Mustaqil harakatlana olmaydi. Oilada asosiy boquvchi o‘zi bo‘lganligi bois bora-bora moddiy jihatdan anchagina qiyinchiliklarga duch kela boshlagan edi.

Hukumatimiz tomonidan nogironligi bor shaxslarga qaratilayotgan e’tibor Nurvalining hayotiga ham nur olib kirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, Qamashi tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan Nurvali Jumanov protez moslamalari bilan ta’minlandi. Shuningdek, elektron yuritmali nogironlik aravachasi ham taqdim etildi.

– Harakat qilgan kam bo‘lmaydi, – deydi Nurvali Jumanov. – Protez poyabzal va tutor bilan ta’minlanganimdan so‘ng mustaqil harakatlana boshladim. Yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydim. Kichikkina binoda kompyuter xizmatlari ko‘rsatyapman. Bundan tashqari, savdo-sotiq ishlarini ham olib borib, daromad qilyapman. Moddiy tomondan ahvolim yaxshilanib jamiyatda o‘z o‘rnimni topyapman.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yil davomida viloyatda muhtoj shaxslar 1 ming 607 ta protez ortopediya, 6 ming 283 ta reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlandi. Shundan 930 ta protez ortopediya va 1 ming 984 ta reabilitatsiya qilishning texnik vositalari vaucher shakllantirilishi orqali yetkazib berilgan.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri